Yoshlar qudratli davlatimizning ertangi kuni, yangi O`zbekistonimizning poydevori sanaladi.
Zero, ularning sog`lom va komil inson bo`lib voyaga etishlari mamlakat istiqbolini belgilab beradi.
Shu ma`noda, bugungi kunda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tashabbusi bilan ilgari surilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatini hayotga joriy etishda Davlat xavfsizlik xizmati ham o`zining sezilarli hissasini qo`shib kelmoqda.
Xususan, joriy yilning aprel oyidan boshlab, yurtimizning har bir go`shasida mini-futbol bo`yicha DXXning Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlari kubogi o`tkazildi.
Unda 18-30 yosh oralig`idagi yoshlardan iborat 7779 ta jamoa munosib ishtirok etdi.
Tuman, shahar hamda viloyat bosqichlarida g`oliblikni qo`lga kiritgan eng kuchli 14 ta jamoa 12-15 iyun kunlari poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida DXX Raisi kubogi uchun o`zaro kuch sinashadi.
Birinchi o`rinni egallagan jamoaga ular istiqomat qiladigan tumanda mini-futbol maydoni, ikkinchi va uchinchi o`rinlarni qo`lga kiritgan jamoalarga esa ular yashaydigan tumanlarda “Workout” maydonchalari qurib beriladi.
Shuningdek, “Eng yaxshi o`yinchi”, “Eng yaxshi to`p urar”, “Eng yaxshi darvozabon” va “Eng yaxshi murabbiy” nominasiyalari bo`yicha g`oliblar ham aniqlanadi.
“Sog`lom yoshlar - yangi O`zbekiston kelajagi” shiori ostida o`tkazilayotgan ushbu musobaqalar yoshlarimizning o`z iqtidorlarini namoyish etishlari uchun yana bir imkoniyat sanaladi.
Ta`kidlash lozimki, DXX Raisi kubogini o`tkazishdan ko`zlangan maqsad yoshlar orasida sportni ommalashtirish va sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish, shuningdek, ularni vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashdan iboratdir.
DXX matbuot xizmati






