18 yoshga to`lmagan shaxsni o`z vaqtida fuqarolik pasportini olmaganligi sababli uni ma`muriy javobgarlikka tortish Mumkinmi?
Adliya vaziri matbuot kotibi Sevara O`rinbaeva ushbu savolga javob berdi.
– Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 223-moddasiga muvofiq fuqaroning pasportsiz yoki haqiqiy bo`lmagan pasport bilan, doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo`yicha hisobga turmasdan yashashi, pasportni qasddan yaroqsizlantirishi yoki ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo`qotib qo`yishi, shuningdek O`zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo`lgan chet el fuqarosining va fuqaroligi bo`lmagan shaxsning haqiqiy bo`lmagan yashash guvohnomasi bilan yashashi, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashashi, yashash guvohnomasini qasddan yaroqsizlantirishi, ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo`qotib qo`yishi uchun ma`muriy javobgarlik belgilangan.
Biroq, mazkur kodeksning 223-moddasining beshinchi va oltinchi qismlarida o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan shaxs o`n olti yoshga to`lishi munosabati bilan o`z vaqtida pasport olmaganligi uchun ma`muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilangan.
Xuddi shunday, o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan, O`zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo`lmagan shaxs o`n olti yoshga to`lishi munosabati bilan yashash guvohnomasini o`z vaqtida olmaganligi uchun ma`muriy javobgarlikka tortilmaydi.
Shunga ko`ra, o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan shaxs o`n olti yoshga to`lishi munosabati bilan o`z vaqtida pasport yoki yashash guvohnomasini (O`zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo`lmagan shaxs) o`z vaqtida olmaganligi uchun ma`muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.