Bahorning so`nggi kunlarida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida boks bo`yicha Osiyo chempionati o`tkazildi. Unda O`zbekiston erkaklar terma jamoasi a`zolari 6ta oltin, bitta kumush va 3ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 1-o`rinni qo`lga kiritdi.
Musobaqa yakunida Osiyo boks konfederasiyasi matbuot xizmati O`zbekiston terma jamoasi a`zosi, Osiyo va jahon chempioni Bahodir Jalolov bilan intervyu uyushtirdi. Quyida ushbu intervyuning o`zbek tilidagi variantini e`tiboringizga havola qilamiz.
“Bu safargi tayyorgarlik ham doimgidek yaxshi o`tdi. Musobaqaning darajasidan qat`i nazar, ishga doimo jiddiy yondoshamiz. Uch oy ichida bir necha marotaba formaga kirish oson emas. Osiyo chempionatida men 70 foiz kuch bilan ishladim. Olimpiya o`yinlariga 100 foiz formada bo`laman.
Osiyo chempionatidagi muhit menga yoqdi. Barcha ob`ektlar bir joydaligi uchun ham bizga transportlar kerak bo`lmadi. Vazn o`lchash, ovqatlanish, texnik uchrashuvlar va boshqa jihatlar sportchilar uchun qulay qilib tuzilgandi.
Biz barcha raqiblarimizni hurmat qilamiz. Ularni kuchli va tajribali sportchilar, deb hisoblaymiz. Masalan, Qozog`iston kuchli boks mamlakati. Mo`g`uliston ham yaxshi jamoa, bu safar Hindiston ham bizga ancha yaqin keldi.
Ushbu Osiyo chempionatining final jangi qozog`istonlik raqibim – Kamshibek Konkabaevga qarshi 7-jangim bo`ldi. Bahs doimgidek qiyin o`tdi. Bu safar jismoniydan ko`ra, ko`proq psixologik kurash kechdi. O`zimga bo`lgan ishonch yuqori edi, chunki oxirgi ikkita musobaqada uni mag`lubiyatga uchratgandim, xech kimga mag`lub bo`lmayotgandim. So`nggi oylarda ruhiy tayyorgarlikka ham katta e`tibor qaratmoqdaman.
Orzuim – Olimpiya o`yinlarida g`olib bo`lish va shu sababli Tokiodagi Olimpiadaga 100 foiz kuchim bilan tayyorlanaman. Boshqa hech qanday turnir yoki yig`inga bormaymiz. O`zbekistonda bahslarga tayyorgarlik ko`ramiz.
Tokio-2020da men uchun Qozog`iston, Rossiya, Kuba va Avstraliya bokschilari asosiy raqiblar bo`lishadi. Ammo yuqorida ta`kidlaganimdek, vazn toifamdagi barcha sportchilarni kuchli raqib, deb hisoblayman. Olimpiya o`yinlaridan so`ng jahon chempionatida qatnashmoqchiman, keyin esa ko`ramiz”, - degan Bahodir Jalolov o`z intervyusida.






