Bugun, 15 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov Turkiya Respublikasining O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekarni qabul qildi. Bu haqda Qonunchilik palatasining Axborot xizmati ma`lum qildi.
Muloqot avvalida Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov elchini yuksak va mas`uliyatli vazifaga tayinlangani munosabati bilan samimiy qutladi.
Uchrashuv davomida mehmonga O`zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarning mazmun-mohiyati hamda mamlakatlarimiz o`rtasida o`rnatilgan parlamentlararo aloqalar to`g`risida ma`lumotlar berildi.
O.Beker muloqot davomida hozirgi paytda ikki davlat o`rtasida parlamentlararo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda an`anaviy do`stlik va sherikchilikka asoslangan hamkorlikni rivojlantirishga imkon beradigan konstruktiv va ochiq munosabat o`rnatilganini qayd etdi.
Ta`kidlanganidek, mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2017 yilda Turkiyaga davlat tashrifi hamda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo`g`onning 2018 yili O`zbekistonga davlat tashrifi hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Boisi, amalga oshirilgan davlat tashriflari chog`idagi oliy darajadagi muzokaralar o`zaro ishonch ko`priklarini yanada mustahkamladi.
O`z o`rnida O.Beker samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O`zbekiston-Turkiya aloqalari xususan, parlamentlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda bor imkoniyatini ishga solishini aytib o`tdi.
Muloqot yakunida tomonlar o`zaro aloqalarini mustahkamlash va amaliy hamkorlikni har tomonlama davom ettirishga kelishib oldilar.
15.06.2021 21:02
Nuriddinjon Ismoilov Turkiyaning O`zbekistondagi elchisini qabul qildi
