Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo`jaev "Paxtakor" futbol klubi jamoasi va murabbiylari bilan uchrashdi. Tez orada "Paxtakor"da O`zbekiston futboli tarixida hali bo`lmagan katta o`zgarishlar bo`lishi kutilmoqda, deya xabar berdi poytaxt hokimligi Axborot xizmati.
Uchrashuvda klub va jamoa oldida turgan muammolar, ularning echimlari, “Paxtakorning” kelajak faoliyati muhokama etildi.
Klub oldida turgan moliyaviy majburiyatlar shu kunlarda ijobiy hal etildi. Homiylar tomonidan ajratilgan 22 mlrd. so`m pul mablag`lari hisobidan shu kungacha yig`ilib qolgan futbolchilar, murabbiylar va klub xodimlarining maoshlaridan bo`lgan qarzdorliklar bartaraf etildi.
Bundan buyon "Paxtakor" futbol klubi faoliyati va moliyaviy hisobotlari shaffoflik, ochiqlik tizimida yo`lga qo`yilishi to`g`risida J.Ortiqxo`jaev alohida ta`kidladi.
Futbolchilar ishlab topadigan mablag`lar, mukofot pullari va boshqa hisobotlar klub rasmiy manbalarida e`lon qilib boriladi. Bu esa ayni paytda katta futbol arafasida turgan yoshlarda professional futbolchi bo`lish ishtiyoqining o`sishida, klub a`zolari o`rtasida esa sog`lom raqobat yuzaga kelishida ijobiy ahamiyat kasb etadi.
O`sib kelayotgan yosh avlodga sharoitlarni yaxshilash, iqtidorli futbolchilarni tanlab olishga e`tibor qaratilishi, ularga bunda imkoniyatlar yaratib berilishi ta`kidlandi. Yoshlarni futbol bilan shug`ullanish va professional futbolchi bo`lishga qiziqishini oshirish, klubning to`liq uzviy tizimda ishlashini ta`minlash uchun rivojlantirish quyi bo`g`inlardan boshlanishi alohida ta`kidlandi.
Bu o`zgarishlar nafaqat “Paxtakor”ning, balki butun o`zbek futbolining rivojlanishiga turtki bo`lishi to`g`risida fikrlar bildirildi. “Paxtakor” bosh murabbiyi gollandiyalik Piter Xyoystra ham klubda boshlanayotgan tub o`zgarishlar, yo`lga qo`yilajak shaffof tizim har qanday jahon miqyosidagi futbol klubining asosiy mezoni ekanini ta`kidladi.






