Andijon viloyati hokimligida Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida viloyat faollari yig`ilish davom etmoqda.
Yig`ilishda Prezident Shavkat Mirziyoev viloyatdagi barcha iqtisodiy kompleks rahbarlariga uch oy sinov muddati berdi.
“Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning yig`ilishdan ma`lum qilishicha, ularning barchasi uch oy muddatga vazifasini bajaruvchi etib tayinlanadi. Iqtisodiy kompleks va tijorat banklari barcha xodimlari idoraga kirmasdan uch oy ichida mazkur mahallalardagi har bir xonadonga kirib, aholining turmush sharoiti, istak-xohishi va imkoniyatlarini o`rganib chiqadi.
Shuningdek, umuman tadbirkorlik qo`lidan kelmaydigan oilalarga 100 tadan tovuq beriladi. Viloyat hokimi Shuhrat Abduraxmonov ushbu mahallalarning har biriga salohiyatli tadbirkorlarni biriktiradi.
Bunday tadbirkorlarga banklar tomonidan 3 yil muddatga 10 foizdan kredit ajratiladi va ulardan garov talab qilinmaydi. Bu kreditlar uchun Tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi kafillik beradi. Bu maqsadlar uchun 200 ta mahallaga 400 milliard so`m (har bir mahallaga 2 milliard so`mdan) resurs ajratiladi.
Yig`ilishda keltirilishicha, viloyatdagi jami 882 ta mahalladagi muammolar va imkoniyatlar o`rganilgan. O`rganishlar natijasida har bir mahallada aholining azaldan shakllangan mehnat ko`nikmasidan kelib chiqib, eng samarali “o`sish nuqta”lari sifatida – hunarmandchilik, tomorqa va issiqxona xo`jaligi, bog`dorchilik, gulchilik, parrandachilik kabi yo`nalishlar belgilab olingan.
Masalan, birgina Shahrixon tumani, “Yuzlar” mahallasida 847 ta xonadondan 721 tasida 1 sotixdan 30 sotixgacha issiqxonalar mavjud. Izboskan tumani, “Gudur” mahallasidagi 601 ta xonadondan 265 tasi esa savat yasash bilan shug`ullanadi. Hozirgi kunda viloyatdagi mahallalarning aksariyati o`zining “o`sish nuqta”larini aniqlab olgan bo`lishiga qaramay, 100 ta mahalla haligacha o`z ixtisoslashuv yo`lini topmagan. Shu bois, 200 ta mahallani rivojlantirishga viloyat hokimligi va iqtisodiy kompleks mas`ul bo`ladi.
Yig`ilish davom etmoqda.






