AsosiyJamiyat

Uch kunda 300 mingga yaqin yoshni birlashtirdi – Yana bir viloyatda yoshlar festivali yakunlanmoqda

'Uch kunda 300 mingga yaqin yoshni birlashtirdi – Yana bir viloyatda yoshlar festivali yakunlanmoqda'ning rasmi

Respublikamizning turli viloyatlarida “Yangi O`zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida yoshlar festivallari o`tkazib kelinmoqda. Festival mash`alasini yondirish navbati 16 iyun kuni Navoiy viloyatiga kelgandi.

Uch kun mobaynida viloyatda 300 mingga yaqin yoshlarni jipslashtirgan (viloyat aholisining 548 ming nafari yoshlardan iborat) 50ga yaqin loyiha asosida turli tadbir, tanlov, uchrashuv va kechalar o`tkazildi.

16 iyun kuni “Zamonamiz qahramonlari” loyihasi doirasidagi viloyatning malakali shifokorlari bilan uchrashuv navoiylik yoshlarning brendi “Mehribon yurak” aksiyasi atrofidagi harakatlarga bag`ishlandi. Mazkur aksiya doirasida yuragida tug`ma nuqsoni bor ellik nafarga yaqin viloyat bolalarida murakkab jarrohlik operasiyalari o`tkazilib, ularning salomatligi tiklangan edi.

Festivalning tadbirlar mundarijasidan milliy madaniy markazlarning qadriyatlar namoyishi, “Yosh kitobxon oila”, “Yosh oshpaz”, “Quvnoqlar va zukkolar”, kabi ko`ngilochar tadbirlar, yosh ijodkorlarning “Duel” loyihasi, stol tennisi, voleybol, gandbol, mini futbol va  velosport bo`yicha sport musobaqalari, estafetalar, xalq o`yinlari hamda yoshlarning intellektual salohiyatini namoyish etishlari uchun turli robototexnika va innovasion ishlanmalar ko`rgazmalari  o`rin olgan edi. Bugun mazkur loyihalar yakunlanib, g`oliblarni taqdirlash marosimi bo`lib o`tadi. 

O`tgan uch kun navoiylik hunarmandlar uchun ham raqobat va tajriba maydoni bo`ldi. Jumladan, Karmana tumanidagi viloyatning yagona do`ppido`z oilasi munosib taqdirlandi. Dilbar Jalilova 30 yildan buyon minglab qizlarga do`ppido`zlik sir-asrorlarini o`rgatib kelmoqda. 

“Do`ppi tikish buvimdan meros. Ular asli farg`onalik bo`lganlar. Men do`ppido`zlarning 4-avlodiman. Qizlarim bilan “Ma`rifat bog`i”da Navoiy yoshlar festivali doirasida tashkil etilgan hunarmandlar ko`rgazmasida ishtirok etib, “Hunarmandlar uyushmasi”ga a`zo bo`lish imkonini qo`lga kiritdik”, - deydi hunarmand.

Boshqa yangiliklar