Livan poytaxtida taekvondo WT bo`yicha Osiyo chempionati o`z yakuniga etdi. Musobaqada O`zbekiston terma jamoasi 10 ta medalni qo`lga kiritib, o`z tarixidagi eng yaxshi natijani yangiladi. Bu haqda O`zA xabar qildi.
Мusobaqada terma jamoamiz sharafini «Tokio-2020» litsenziati Nikita Rafalovich (-80 kg) va Niyaz Po`latov (-63 kg) himoya qilishdi. Rafalovich yarim finalda Xitoy Taipeyi vakiliga qarshi bahsda imkoniyatni boy berdi va bronza medali bilan kifoyalandi.
Po`latov esa hal qiluvchi jangda iordaniyalik Zaid Alxalavani bilan hisob-kitob qildi. Murosasiz kechgan jangda hamyurtimizning qo`li baland keldi va terma jamoamizga uchinchi oltin medalni taqdim qildi.
Shu tariqa O`zbekiston terma jamoasi musobaqani 3 ta oltin, 1 ta kumush va 6 ta bronza medali bilan yakunladi. Bu taekvondochilarning Osiyo chempionatlarida medallar soni va sifati bo`yicha qayd etgan eng yaxshi natijasi sifatida tarixga kirmoqda. Qayd etish joiz, ushbu musobaqada Ulug`bek Rashitov, Svetlana Osipova hamda Nigora Tursunqulova kabi etakchi sportchilarimiz ishtirok etishmadi. Ular ayni kunlarda bor e`tiborlarini «Tokio-2020» Olimpiya o`yinlariga munosib tayyorgarlik ko`rishga qaratishgan. Aks holda Livandagi qit`a chempionatida natijalar bundanda salmoqli bo`lishi turgan gap edi.
Yana bir ahamiyatli tomoni, Shohsanam A`zamova musobaqada qizlar yo`nalishida «Eng yaxshi taekvondochi» deb topildi. Vakillar endilikda 20 iyun kuni “Beirut Open” xalqaro musobaqasida ishtirok etishadi. Osiyo chempionatida sovrindor bo`lgan qahramonlarimizni eslatib o`tamiz:
Oltin medal:
-53 kg: Charos Qayumova
-62 kg: Feruza Sodiqova
-63 kg: Niyaz Po`latov
Kumush medal:
-49 kg: Madinabonu Mannopova
Bronza medal:
-68 kg: Jasur Jaysunov
-46 kg: Shohsanam A`zamova
-74 kg: Shahboz Tusmatov
-80 kg: Nikita Rafalovich
-87 kg: Shuhrat Salaev
+80 kg: Shohruh Rajabov
O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi qit`a birinchiligida qayd etilgan tarixiy natija bilan O`zbekiston taekvondo WT assosiasiyasini muborakbod etib, «Tokio-2020» Olimpiya o`yinlarida ham ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoladi.






