1

Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklanadi

Madaniyat 19.06.2021, 23:04
Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklanadi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash va o`tkazish to`g`risida”gi Qarorni imzoladi. Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur qarorga muvofiq, Toshkent xalqaro kinofestivali endilikda “Ipak yo`li durdonasi” nomi bilan O`zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan 2021-yildan boshlab har yili 28-sentyabr – 3-oktyabr kunlari o`tkaziladi.

Ma`lumot uchun, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi xalqaro kinofestivali deb nomlangan Toshkent kinofestivali 1968–1997-yillarda may oyi oxiri – iyun oyi boshida davlat kinematografiya qo`mitasi va kinoarboblar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan.

Joriy yilda bo`lib o`tishi rejalashtirilayotgan mazkur kinofestival “Tinchlik, taraqqiyot va ma`rifat” shiori bo`lib o`tadi va unga xorijdan jami 355 nafar ishtirokchi, shu jumladan, 55 nafar taniqli kinoyulduzlar taklif etiladi.

Festival doirasida mashhur kinomutaxassislar va rejissyorlar ishtirokida yosh kinoijodkorlar uchun mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlar, kinotreninglar, davra suhbatlari, hududlarda kinoko`rgazmalar, eng yaxshi milliy va xorijiy filmlar namoyishlari o`tkaziladi.

 

Eslatib o`tamiz, Bugun Kinematografiya agentligida “Ipak yo`li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklangani munosabati bilan uchrashuv tashkil etiladi. Unga kinomutaxassislar, taniqli kinoijodkorlar, OAV vakillari va yoshlar taklif etilgan. Uchrashuvda festival dasturi va uni o`tkazish borasida fikr-mulohazalar va takliflar o`rtaga tashlanadi.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1