Professional boksning supero`rta vazn toifasida (-76,2 kg) ringga chiqayotgan o`zbekistonlik Bektemir Meliqo`ziev (7-1, 6 KO) o`zining navbatdagi jangini amerikalik Gabriel Rosadoga (26-13-1, 15 KO) qarshi o`tkazdi. Bu haqda Daryo.uz xabar bermoqda.
AQSh vaqti bilan 19-iyun oqshomida El-Paso shahri (Texas shtati) mezbonligida o`tkazilgan Meliqo`ziev—Rosado jangi atigi 3 raund davom etdi. Jang aslida 12 raundga belgilangandi. 1-raund Bektemirning to`liq ustunligida o`tdi va u hatto raund so`ngida Gabrielni nokdaun holatiga tushirdi. 2-raundda esa bokschilar biroz sokinlashdi. 3-raundga kelib Meliqo`ziev hujumga o`tgan bir vaqtda Rosadoning o`ta kuchli o`ng qo`l zarbasini qabul qildi va chuqur nokaut holatiga tushdi. Shu tariqa jang yakunlandi.
Rosado bu g`alaba orqali Bektemirning WBA Continental va WBO International kamarlariga ega chiqdi.
Qayd etish joiz, bu Bektemir Meliqo`ziev uchun professional boksdagi ilk mag`lubiyat bo`ldi. U Rosadoga qadar 7 ta jang o`tkazib, ularning barchasida g`alaba (6 tasida nokaut bilan) qozongandi.