AsosiySiyosat

O`zbekiston – Rossiya: bojxona sohasidagi xalqaro hamkorlik aloqalari kengaymoqda

'O`zbekiston – Rossiya: bojxona sohasidagi xalqaro hamkorlik aloqalari kengaymoqda'ning rasmi

Bugun O`zbekiston-Rossiya Hukumatlararo qo`shma komissiyasining navbatdagi yig`ilishi doirasida O`zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakat delegasiyasi Rossiya Federasiyasiga tashrif buyurdi. Unda O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasi rahbariyati ham ishtirok etib, sohaga oid masalalar yuzasidan bir qator xalqaro shartnomalar imzolandi.

Xususan, O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasi bilan Federal bojxona xizmati (Rossiya Federasiyasi) o`rtasida O`zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan va Rossiya Federasiyasiga olib kiriladigan tovarlarning bojxona qiymatini tavsiflovchi ma`lumotlar almashinuvi to`g`risidagi 2017 yil 7 apreldagi Bayonnomaga o`zgartirish va qo`shimcha kiritish yuzasidan tomonlar kelishuvga erishildi.

Shuningdek, “O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasi bilan Federal bojxona xizmati (Rossiya Federasiyasi) o`rtasida O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o`rtasida tovar va transport vositalarini olib o`tishda bojxona operasiyalarining soddalashtirilgan tartibini tashkil etish to`g`risida 2016 yil 30 dekabrda imzolangan Bitimga qo`shimchalar kiritish” borasida ham hujjat imzolandi.

O`zbekiston Respublikasidan Rossiya Federasiyasiga eksport qilinadigan tayyor tekstil mahsulotlarining xorijiy bozorga kirib borishiga yanada qulay muhit yaratish maqsadida, Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan Bayonnoma loyihasi tayyorlandi.

Tashrif doirasida yana bir muhim masala, ya`ni “O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasi bilan Federal bojxona xizmati o`rtasida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan shubhali moliyaviy operasiyalarni amalga oshirishni oldini olish, aniqlash va to`xtatish sohasida hamkorlik qilish to`g`risida Memorandum imzolandi.

Bundan tashqari, “O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasi bilan Federal bojxona xizmati (Rossiya Federasiyasi) o`rtasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga (o`zlashtirish) qarshi kurashish hamda jismoniy shaxslar tomonidan naqd pul va (yoki) pul vositalarini transchegaraviy olib o`tishda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida axboriy hamkorlik qilish to`g`risida bitim imzolandi.

Xulosa o`rnida aytganda, ikki mamlakatning bojxona tizimlari o`rtasidagi o`zaro hamkorlikdagi ishlar va do`stona aloqalar sohaning yanada rivojlanishiga hamda mamlakat iqtisodiy xavfsizligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

    Boshqa yangiliklar