1

Sizda gapim bor: Xiyonatning kasri bolamga urdi

Mutolaa 17.03.2016, 14:48
Sizda gapim bor: Xiyonatning kasri bolamga urdi

«Sizda gapim bor» loyihasi ham muxlislarimizning e`tiborini jalb etayotganidan xursandmiz. Yaqinda Toshkent viloyatidan qo`ng`iroq qilgan  bir yigit ushbu loyiha orqali dilini o`rtab yurgan bir gapni gazetamiz sahifalari orqali o`z egasiga etkazishimizni so`radi. Faqat o`z isimni ko`rsatmasligimizni iltimos qildi. Demak, uning iqroriga birgalikda quloq tutamiz. 

...Umr bamisoli daryo. O`z o`zanida oqib boraveradi. Biz insonlar esa ba`zan to`lqinlarning shiddatidan qay tomonga suzib ketayotganimizni ham unutayozar ekanmiz. 

O`shanda endigina inistitutni tamomlab kelib, bankda ish boshlagandim. Oyim katta o`g`il bo`lganim bois, tezroq uylantirish ishtiyoqida edi. Har kuni ishdan qaytishimga qizlar “guldasta”sini tayyorlab o`tirardilar. Men esa yangi xodim bo`lganim uchunmi yoki yurakdagi ishtiyoqning zo`rligi sababmi, ishga mukkamdan berilib ketgandim. Hatto uchrashuvga chiqishga ham xohishim yo`q edi. Lekin bu narsadan qochib qutula olmasligimni bilardim. 

Oxiri, Sen bilan ko`rishishga rozi bo`ldim. Bilasanmi, birinchi ko`rishdayoq menga juda yoqqansan. Sendan boshqa hech kimda uchramaydigan nimadir topgandim. O`ylab ham o`tirmay, to`yga rozilik bildirdim. 

Uch yilga qadar bizdan baxtli oila yo`q edi. Men ishni tezroq tugatib, uyga qaytishni o`ylardim. Ko`z o`ngimdan sen va jajjigina o`g`lim ketmasdinglar. Ishdan qaytishimni har kunni bir bayramdek o`tkazishga harakat qilarding. Turli-tuman taomlar tayyorlab, meni intiq kutib o`tirarding. Lekin shunday kunlarning birida hayot o`z oqimini o`zgartirdi. Yuqori lavozimga ko`tarilganimga endigina bir oy bo`lgandi. Ishimda ayrim xatoliklar chiqa boshladi. Bu tushunmovchiliklarga aniqlik kiritish uchun boshlig`imizning oldilariga kirdim. U xuddi meni kutib o`tirgandek:

— Keling, keling, — deb qarshi oldi. Vaziyatni tushuntirganimdan so`ng, miyig`ida kuldi-da, qo`limga bir papkani uzatdi. Ularga savol nazari bilan tikilib turganimni ko`rgach, — Shu ishni hal qilib bering. Havotir olmang, quruq qo`yishmaydi, - dedi. 

Men ham boshliqning gapi gap deb, noqonuniy yo`l bilan bo`lsa-da o`sha ishni oxiriga etkazdim. Qo`limga bir dasta pul tutqazishdi. Ancha g`o`r ekanman, oldim. Asta-sekin bu odat tusiga kira boshladi. 

Rahbar yana bir kuni xonasiga chaqirtirdi. 

Mana siz ham safimizga qo`shilib qoldingiz. Bugun sizni bir joyga taklif qilmoqchiman. Qachon qarama ishga ko`milib o`tirasiz. Dam olishga ham haqqingiz bor. — dedi-da qo`limga qandaydir manzil yozilgan qog`ozni tutkazdi. Hammasi shu kundan boshladi. Ichkiliklar, qizlar, uyga kech qaytishlar...

Endi bunaqa yurishlarim uchun ko`proq pul kerak boshladi. Topgan-tutganimni avvallari “Kerakli narsalarga ishlatasan”, deb qo`lingga bersam, endi “Birovning puli, ishlatib qo`ymagin”, deb tayinlardim. Sen ham bir tiyiniga tegmay asrab o`tirarding. 

Bir kun saxarga tomon kirib keldim. Sabr kosang to`ldimi, yig`i aralash gap boshlading:

— Sizga nima bo`ldi? Nega o`zgarib qoldingiz? Bunday yurishlaringizning oxiri yaxshilik bilan tugamaydi-ku. Meni o`ylamasangiz ham o`g`limizni o`ylang.

Men o`shanda sening gaplaringga e`tibor ham bermadim. Aytdi qo`ydi-da, dedim. Lekin sabr-qanoatingga qoyil qolsa arziydi. Shundan keyin bu haqda og`iz ham ochmading. Avvallari qanday bo`lsang, shunday kutib olaverarding. Gohi erta, gohi kech kelishlarimga qanday chidagansan hayronman. Hozir o`ylab o`tirib, qilmishlarimdan uyalib ketayapman. Aysh-ishratga shunchalik berilib ketibmanki, hatto o`zimni idora etolmay qoldim. Endi fikru xayolimni butunlay boshqa narsalar egallagandi. Hatto onamning nasihatlari ham kor qilmasdi. 

Bir kuni boshqa shaharga xizmat safariga ketadigan bo`lib qoldim. O`sha kun ko`z oldimdan sira ketmaydi. O`g`limizni ko`tarib, chiroyli jilmayib turarding. Meni kuzatar ekansan, ortimdan uzoq termulib qolding. 

Xizmat safari deb otlanganimning yarmi kayfu-safo edi. Boshliqning bergan topshiriqlarini bajarib bo`lgach, hamkasblar bilan birga tungi klubga yo`l oldik. Qizarguncha ichibmiz o`zimiz ham. Yarim-yalang`och raqsga tushayotgan qizlar ko`z o`ngimizda xira tovlanardi. Shu payt qo`ng`iroq bo`lib qoldi. Qo`lim qaltirab:

Allo, — dedim.

Qaerdasiz? O`g`limizning  mazasi bo`lmayapti. Hozirgina tez yordam mashinasi kelib, kasalxonaga olib ketdi. Jonlantirish bo`limiga joylashtirishibdi.

Mudroq bosgan ko`zlarim moshdek ochilib ketdi. Xuddi birov boshimga gurzi bilan urgandek bo`ldi. Nazarimda uzoq muddat uxlab qolganman-u, cho`chib uyg`onib ketgandekman. U erdan chiqib ketganim, kasalxonaga qanday  etib kelganimni eslay olmayman. Yodimda qolgani faqat etim uyushib, qaltiroq tutgani. Yuragimni allanechuk vahima chulg`ab, ichimdan Yaratgan yolvora boshladim.  bexos kalima keltira boshlaganim.

Eshik oldida onam bilan ukam boshlarini changallab o`tirishardi. Shosha-pisha ularning yoniga etib keldim. 

Nega, nima bo`ldi? Nega mazasi bo`lmaydi? — qaltiroq ovoz bilan so`radim onamga yuzlanib.

Eh, bolam-ey! Bilmadim. Biz ham tushunmay qoldik. Bir soatning ichida  isitmalab, qaltiroq  tutib qoldi. 

Keliningiz  qani?

O`g`lingning  oldida.

Isitmasi tushibdimi? Hozir ahvoli qanday ekan?

Hali hech gap yo`q. To`rt soatdan beri kutib o`tiribmiz. 

Boshqa beradigan savonlning o`zi qolmagandi. Men ham onamning  yoniga o`tirib, boshimni changallagancha, kuta boshladim. Endi o`ziga o`zim savol berardim: “Nahotki bu qilmishlarimning jazosi bo`lsa? Endi nima bo`ladi? Axir murg`akkina bolamning gunohi nima?” Lekin javob berishga qo`rqardi. 

Bahor kelgan bo`lsa-da, qor bo`ralab yog`ardi. Tashqariga chiqdim. Yuzimga kelib urilayotgan qor parchalari ko`zlarimni yanada kattaroq ochdi. Sovuqning zahri vujudimni qaqshata boshlagach, ichkariga kirdim. Tong ota boshlagandi. Deraza yonidagi o`rik gullariga tikilib xayolga berilib qolibman. Elkamga kimdir qo`lini qo`ydi. Cho`chib tushib o`girildim.

Oq xalatdi shifokor turardi. 

Tabriklayman, o`g`lingiz ancha yaxshi. Isitmalari tushib, o`ynab qoldi.

Quvonchdan o`zimni qayoqqa otishni bilmay qoldim. Shifokorning so`zlari xuddi “Sizning gunohlaringiz kechirildi”, degandek bo`ldi. O`zimni qo`shdek engil seza boshladim. O`g`limni ko`rish ishtiyoqida u tomon oshiqdim. Xona eshigi qiya ochiq turardi. Sen o`g`limizni  erkalar, u esa qiqir-qiqir kulardi. Shundagina mening asl baxtim, quvonchim sizlar ekaningizni ich-ichimdan his qildim. Sekingina borib sening qo`llaridan tutdim-da, yurak yutib kechirim so`radim.

Meni kechir! Ko`zlarim ko`r bo`lib qolgan ekan. Endi ochildi. Indamading. Lekin yuzlaringdagi mayin tabassum meni kechirganingni aytib turardi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1