1

Angrenda qo`shnilarini tunab yurgan talaba qiz qo`lga tushdi

Jinoyat 17.03.2016, 15:02
Angrenda qo`shnilarini tunab yurgan talaba qiz qo`lga tushdi

Biz bu jumlalarni bekorga keltirmadik. Qiz bola bo`lajak ona, kelajak avlodni dunyoga keltiruvchi, barkamol inson qilib etishtiruvchi zot, go`zal xilqatdir. Ammo shunday go`zal hilqat jinoyatga qo`l ursa-chi?.. 

Bundan o`n etti yil muqaddam dunyoga kelgan qizchaga ota-onasi kelajakda aqlli, esli-hushli qiz bo`lib voyaga etsin deb Oqila (ism-shariflar o`zgartirilgan) deb ism qo`yishdi. Ularning qizlaridan umidlari katta edi. Oqila maktabni bitirgach, pedagogika qollejiga o`qishga kirdi. Yaqinlari unga “Yaxshi tarbiyachi bo`lib etishgin” deb oq fotiha berishdi. Shunday qilib, o`qish boshlandi. Kollej talaba qizlarining ba`zilar oddiy oila farzandlari bo`lsa, ba`zilari o`ziga to`q oilaning erka farzandi bo`lganidan hamyonlari pulga to`la edi. Ular bu pullarni istagancha sarflashar, xohlagan kafega kirib, o`yin-kulgi qilishardi. Ro`zg`orlari haminqadar bo`lgan Oqilaning ularga judayam havasi kelardi. Qanday qilsa, u ham jaraq-jaraq pulga ega bo`larkin? Bu xayol unga sira tinchlik bermasdi. 

Kunlarning birida u ko`chada, o`qishdan qaytayotganda qo`shnisi Zamira opaning uyidan chiqib ketayotganiga ko`zi tushdi. Zamira opaning eri tadbirkor bo`lib, ular o`ziga to`q yashashar, mahalladagi ko`zga ko`ringan oilalardan biri edi. Oqila kunduz kuni uyda Zamira opadan boshqa hech kim bo`lmasligini yaxshi bilardi, u ketdimi, demak uyda hech kim yo`q. Oqila Zamira opaning darvozasiga yaqinlashganda, darvozaning qulflanmaganligiga ko`zi tushdi. U sekin sirg`alib ichkariga kirdi,  ammo uy eshigiga qulf osilgandi. Oqila eshikning yopiqligini ko`rib, deraza oldiga bordi. Uni sekin itargandi, deraza ochilib ketdi. U deraza orqali yotoqxonaga kirdi. Javoncha tortmasini ochganda, quvonchdan qichqirib yuboray dedi. Tortmada  turgan 100 AQSh dollari , 400.000 so`m pul va “Nokia 5228” rusumli qo`l telefonini olib, deraza orqali chiqib ketdi. U yuragi hapqirgancha, o`g`irlagan pullarini va telefonni sumkasiga yashirdi.

Ertasiga bu pullarga dugonalari bilan restoranda maza qilib o`tirishdi, qo`l telefonini arzimagan pul evaziga bir kursdoshiga sotib yubordi. Avvaliga siri fosh bo`lishidan qo`rqqan Oqila, hech kim uning o`g`rilik qilganini payqamaganidan ilhomlanib, yangidan-yangi rejalar tuza boshladi. Endi u o`ziga to`q mahalladoshlarining qachon uyda bo`lish-bo`lmasligini kuzatadigan bo`ldi. Boshqa o`g`rilar kechasi o`g`rilikka tushsa, u kuppa-kunduzi, hamma ishda, o`qishda bo`ladigan paytda o`g`rilik qilishni o`ziga kasb qildi. Inson to`g`ri yo`ldan bir adashmasin, keyin uning bu yo`lga qaytishi qiyin bo`ladi. Bir marta jinoyat sodir etgan Oqilaga keyingi jinoyatlarni sodir etish qiyinchilik tug`dirmadi. U bu jinoyatlarni bir necha yil davomida sodir etib keldi.

Mahalladoshlari  — Hikmat T.ning 880 AQSh dollari, 1.939.000 so`m pulini, Tohir A.ning 700.000 so`mlik tilla va kumush buyumlarini, 100.000 so`m pulini, Abdurahmon N.ning javon ichidagi kostyumi cho`ntagidan 300.000 so`m pulini, Malika S.ning 300 AQSh dollari,  400.000 so`mlik  “SONY” rusumli fotoapparatini, 5000 Rossiya rublini, 300.000 so`mlik idish-tovog`ini, Shohida N.ning yotoqxonada bo`lgan sumkasi ichidan 600.000 so`m naqd pullarini, do`kon patentini, ichida 34.000 so`m puli bo`lgan “Ipoteka bank” ga qarashli Onlayn to`lov plastik kartochkasini, bankka kirib chiqish ruxsatnomasini, farzandiga tegishli sumkaning ichidan 100.000 so`m naqd pulini, 7AQSh dollarini, bahosi 600.000 so`mlik bir dona ayollar tilla brosletini, bahosi 300.000  so`mlik bir dona oq ko`zli ayollar tilla uzugini, fuqarolik pasportini, Gulchehra A.ning yotoqxonada javonda turgan 250.000 so`m pulini, Farhod K.ning  zalda turgan bahosi 180.000 so`mlik ro`mol to`qiydigan dastgohini, javon ichidan bahosi 400.000 so`mlik besh ko`zli tillo uzugini va 5.500.000 so`m pulini, Maftuna M.ning 300.000 so`mlik “FUTJIFUL” nomli fotoapparati bilan plastik kartochkasini deraza orqali kirib, o`g`irladi. U bu pullarni o`z manfaati yo`lida ishlatib yubordi. Oqila o`g`rilikka kirgan xonadonlardan kerakli buyum va pullarni o`g`irlagach, ularga tegishli hujjatlarni yirtib ketishni ham odat qildi.

Ammo ko`za kunda emas kunida sinadi deganlariday, Angren shahar IIB xodimlari Oqilaning kelgusida sodir etishi mumkin bo`lgan jinoyatlariga chek qo`yishdi. Yuqorida o`g`irlangan pul miqdorini ko`rib, endigina o`n etti yoshga kirgan, voyaga etmagan qizning shuncha jinoyatni amalga oshirganiga yoqa ushlamaslikning iloji yo`q. Bir bolaga etti mahalla ota-ona deyishadi, lekin yoshgina qizning bunday “qahramonligi”ni nahotki mahalladagilar, kollej rahbariyati, oilasidagilar sezishmagan bo`lsa? Bir oilani gullatib, yaxshi farzandlarni tarbiyalashi mumkin bo`lgan qiz, bugun panjara ortida o`tiribdi. Oqila pedagogika kolleji talabasi bo`la turib, og`ir jinoyatga qo`l urganiga nima deysiz? Avvalo tarbiyachining o`zi tarbiyalangan bo`lishi lozim emasmi?

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1