Sportchi 2021 yil 7 maydan boshlab, 2025 yil 6 mayga qadar barcha sport tadbirlarida ishtirok etmaydigan bo`ldi. Bu haqda Milliy antidoping agentligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 25 mart kuni Rossiya poytaxti Moskva shahrida sambo bo`yicha «Memorial Xarlampiev» nomli jahon kubogi bahslari o`tkazilgan bo`lib, mazkur turnirda o`zbekistonlik sambochilar ham munosib ishtirok etib, musobaqa yakuniga ko`ra, 2 ta oltin, 6 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo`lga kiritishgan edi. Ushbu xalqaro turnirda -98 kg vaznda ikkinchi o`rinni egallagan Dilshod Chorievdan (sportcha sambo) olingan doping-sinamada “meldoniy” taqiqlangan moddasi aniqlanganligi sababli tekshiruv boshlangan.
FIAS Xalqaro sambo federasiyasining 2021 yil 23 iyun kunidagi ma`lumotiga ko`ra, sambo bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi a`zosi Dilshod Chorievning doping-sinamasida aniqlangan “meldoniy” taqiqlangan moddasi yuzasidan FIAS Axloq bo`yicha komissiyasi yakuniy qarorni qabul qilgan.
Ushbu qarorga ko`ra, FIAS Xalqaro sambo federasiyasining Antidoping qoidalariga muvofiq, Dilshod Choriev 4 yil muddatga diskvalifikasiya qilindi. Sportchi 2021 yil 7 maydan boshlab, 2025 yil 6 mayga qadar barcha sport tadbirlarida ishtirok etmaydigan bo`lgan.






