Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida investisiya va eksportni ko`paytirish bo`yicha olib borilayotgan ishlar tahliliga bag`ishlangan navbatdagi videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Videoselektor yig`ilishida davlat rahbari 39 ta tarmoq va hududiy loyiha ishga tushirilishi muddati kechikmoqda — «Uzbekistan Airports», «O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari» loyihalarida qoloqliklar borligi haqida gapirdi:
«Viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga, bir oy muddatda bo`sh turgan va past samarali ob`ektlarni to`liq xatlovdan o`tkazib, elektron platformasini yaratsin. Viloyat hokimlari boshchiligidagi komissiya har bir ob`ektga shaxsan o`zi borib, ichiga kirib, tadbirkorlar bilan uchrashib, aniq choralarni belgilagan holda, loyihalarni amalga oshirish uchun ko`mak va amaliy yordam berishlari shart.
Viloyat, tuman va shahar hokimlarining investisiyalar bo`yicha o`rinbosarlariga har bir ishlamayotgan bunday ob`ektlar nomma-nom biriktiriladi va yil yakuniga qadar kamida 150 ming yangi ish o`rni yaratishga mas`ul va javobgar bo`ladi», — deya ta`kidladi.
Yil yakuniga qadar umumiy qiymati 6,5 mlrd dollarlik 226 ta yirik loyihani ishga tushirish va 35 mingta yangi ish o`rni yaratish zarurligi aytildi. Misol uchun, 39 ta tarmoq va hududiy loyihalarni ishga tushirish muddatlari kechikayotgani tanqid qilindi. Ta`kidlanishicha, «O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari», «Uzbekistan Airports», Uzumchilik agentligi loyihalarida qoloqliklar mavjud.
«Viloyat hokimlari ikkinchi yarim yillikda 6 ming 700 dan ortiq hududiy loyihalarni ishga tushirib, 186 mingta yangi ish o`rni yaratishga shaxsan mas`ul bo`ladi», — dedi davlatimiz rahbari.
Manba: Uzreport.news






