Sportchilarimizni Tokioda bo`lib o`tadigan Olimpiya o`yinlariga tayyorlash bo`yicha har bir atletimizga alohida e`tibor qaratilmoqda. O`zbek va jahon sporti afsonasi Oksana Chusovitinaning ham Olimpiadaga munosib tayyorlanishi muhimdir. Shu sababli, Tokio-2020 lisenziati, hamyurtimiz Chusovitina, germaniyalik mutaxassis Diter Kox bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Diter Kox sport gimnastikasi bo`yicha ulkan tajribaga ega bo`lgan murabbiy hisoblanadi. Uning qo`l ostida Germaniya va Buyuk Britaniya jamoalari turli yillarda jahon chempionati va Olimpiya o`yinlariga tayyorlangan. Kelishuvga ko`ra, Kox sportchimizning shaxsiy murabbiyi hisoblanadi va Tokio Olimpiadasiga Chusovitinani o`zi tayyorlamoqda. Kelishuv Olimpiya o`yinlari yakuniga qadar amal qiladi. Quyida esa biz latofatli va afsonaviy gimnastikachimiz bilan qilingan maxsus suhbatimizni siz bilan bo`lishamiz.
— Ayni kunlarda Germaniyada mashg`ulot olib boryapman. Chunki biz tayyorlanadigan mashg`ulot zal COVID markaziga aylantirilgan edi. Shu sababli, bizga ana shunday imkoniyat yaratildi. Buning uchun esa O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasiga minnatdorchilik bildiraman. Bu erda yaratilgan imkoniyatlar a`lo darajada.
— Tokio-2020 olimpiadasi kun sayin yaqinlashmoqda va bilamizki, unda siz ham ishtirok etasiz...
— Men olimpiada o`yinlariga puxta tayyorgarlik ko`ryapman. Bu katta sport musobaqasida vatanim sharafini hi[1]moya qilaman. Pandemiya sabab olimpiada 2021 yilga ko`chirildi. Albatta, bundan biz ham xafa bo`ldik. Ammo umidimizni uzganimiz yo`q. Chunki butun dunyo pandemiyani boshidan o`tkazyapti. Muhimi menda maqsad, istak, orzu bor. Shunday ekan, qo`limdan kelganicha harakat qilaman.
— Olimpiadadan qanday natijalarni kutyapsiz?
— Olimpiadadan biror natija kutishga hali erta. O`zini hurmat qiladigan har bir sportchi unda yuqorinatijalarga erishishni istaydi. Shu qatorda men ham. Boya yuqorida ta`kidlaganimdek, buning uchun astoydil tayyorgarlik ko`ryapman.
— Tokio mezbonlik qiladigan mazkur o`yinlardan so`ng, sizni yana Olimpiadalarda ko`ramizmi?
— Yo`q. Bu mening Olimpiada o`yinlaridagi oxirgi ishtirokim bo`ladi. Bundan keyin O`zbekistonda sportni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga o`z hissamni qo`shaman. Klub (sport bilan shug`ullanuvchilar uchun zal) ochishni rejalashtirganman. Unda turli yoshdagi bolalar ishtirok etishi mumkin.
— Shogirdlar tayyorlayapsizmi? Ulardan Oksana ko`rsatgan natijalarni kuta olamizmi?
— Ayni paytda shogirdlar tayyorlamayapman, chunki bor e`tiborimni va tayyorgarligimni Olimpiadaga qaratganman.
— Oddiy inson sifatida o`zingiz qaysi sportchiga muxlislik qilasiz?
— Sportning bir nechta turiga ishqibozman, sevib tomosha qilaman. Shu sababli ham ayni bir sportchiga muxlislik qilaman, deb ayta olmayman.
— Siz dunyoda mashhur sportchisiz. Ammo oilada siz ham barcha ayollar kabi rafiqa, ona va oddiy bekasiz. Shunday ekan, sport va oilani birga olib borish qiyin kechmaydimi?
— Men juda baxtli ayolman. Turmush o`rtog`im har jabhada meni qo`llab-quvvatlaydi, yordam beradi. Meni yaxshi ko`radigan o`g`lim bor. Oilada muhabbat, istak, o`zaro tushunish bo`lsa, u oila, albatta, baxtli bo`ladi. Oilam meni doim qo`llab-quvvatlaydi, baxtimiz siri ham ana shunda, deb o`ylayman. Takror aytaman, men eng baxtli ayol va onaman.
— Hayotda qanday shiorga amal qilasiz?
— “Ertaga pushaymon qilmaslik uchun bugun harakat qil yoki urinib ko`r!” degan shiorga amal qilaman.
— Muxlislaringiz va mushtariylarimizga tilaklaringiz bo`lsa...
— Gazeta mushtariylariga mustahkam sog`lik va ezguliklar tilayman. Biz sportchilarga muxlislik qilishayotgani va bizni qo`llab-quvvatlashganlari uchun tashakkur. Albatta bu ishonchni oqlash uchun harakatdamiz.
MA`LUMOT UChUN:
Oksana Aleksandrovna Chusovitina 1975 yil 19 iyun kuni Buxoro shahrida tug`ilgan.
Jahonda sport gimnastikasi bo`yicha Olimpiya o`yilarida eng ko`p ishtirok etgan sportchi (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016).
1992 yil Barselonada o`tgan Olimpiya o`yinlari oltin medali sohibi, 3 karra jahon chempioni.
Oksana Chusovitina sport bilan shug`ullanishni 8 yoshida boshlagan. Uzoq yillar davomida Svetlana Kuznesova qo`l ostida sport gimnastikasining sir-asrorlarini o`rganib kelgan. 1990 yil terma jamoa a`zosiga aylangan.
Tayanib sakrash, erkin mashq va parallel to`sinlarda bir necha murakkab elementlar muallifi. Qahramonimiz Osiyo o`yinlari va Osiyo chempionati g`olibi.
Faoliyatini yakunlamasdan turib, gimnastikaning rivojiga qo`shgan hissasi uchun Xalqaro gimnastika shon-sharaf zalidan o`rin olgan yagona sportchi hisoblanadi. Shuningdek, sport gimnastikasida Olimpiya o`yinlarida eng ko`p ishtirok etgani uchun uning nomi “Ginnesning rekordlar kitobi”dan joy olgan.
2019 yil Germaniyaning Shtutgart shahrida o`tkazilgan sport gimnastikasi bo`yicha jahon chempionatidagi ishtiroki orqali Tokio-2020 Olimpiya o`yinlariga yo`llanma oldi. Tokio Olimpiadasi Chusovitina uchun faoliyatidagi sakkizinchi Olimpiada bo`ladi.
DAVLAT MUKOFOTLARI:
• 1996 yil: “Do`stlik” ordeni;
• 2001 yil: “Mehnat shuhrati” ordeni;
• 2017 yil: “El-yurt hurmati” ordeni;
• 2020 yil: “O`zbekiston iftixori” faxriy unvoni.
Oksana Aleksandrovna faoliyati davomida quyidagi unvonlarga sazovor bo`lgan:
1990 yil: Sobiq Ittifoqda xizmat ko`rsatgan sport ustasi;
1992 yil: O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan sportchi.
Uchqun NAMOZOV tayyorladi, "Darakchi" 25 (1152) 24 IYuN 2021 Y.






