AsosiySiyosat

Vashington: Abdulaziz Kamilov AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi administratori bilan uchrashdi

'Vashington: Abdulaziz Kamilov AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi administratori bilan uchrashdi'ning rasmi

2021-yilning 28-iyun kuni Vashington shahrida amaliy tashrif bilan bo`lib turgan O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) administratori Samanta Pauer bilan uchrashdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda. 

O`zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari S.Pauerni USAID rahbari lavozimiga tayinlanganligi bilan tabrikladi va faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Muzokaralar chog`ida iqtisodiy o`sishni rag`batlantirish, aholi bandligini ta`minlash, ta`lim va sog`liqni saqlash tizimlarini rivojlantirish, qishloq xo`jaligi sohalarida hamda Orolbo`yi mintaqasidagi ekologik muammolarni echish borasida O`zbekiston va USAID o`rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

S.Pauer O`zbekistondagi islohotlar dasturini amalga oshirishda o`sishga erishilayotganligini olqishladi hamda Hukumatning ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar taraqqiyot bo`yicha maqsadlariga erishishda ko`maklashishga tayyorligini bildirdi.

USAID administratori “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog`liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi konferensiyasiga taklif uchun minnatdorlik bildirdi va forum ishida o`zining ishtirok etishi imkoniyatlarini ko`rib chiqishga tayyorligini ma`lum qildi.

Muzokaralarda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Eslatib o`tamiz, 2020-yil oktyabr oyida AQSh Hukumati mamlakatimizdagi iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlar dasturini qo`llab-quvvatlash maqsadida O`zbekistonda to`laqonli missiya ochilishini e`lon qilgan edi. 2021-yil 10-iyunda Mikaela Meredit O`zbekistondagi USAID missiyasining birinchi direktori vazifalarini bajarishga kirishdi.

    Boshqa yangiliklar