Aktrisa, dizayner Shahzoda Muhammedova xonanda Manzuraga tikib bergan libos suratini ijtimoiy tarmoqlarga joyladi.
Ko`p o`tmay internet foydalanuvchilari libosga nisbatan turli tanqidiy fikrlarni qoldira boshlashdi, deb yozadi Uz24 nashri.
Izohlarda libos dizayniga ijobiy munosabat bildirib, bu ham yangilik ekanini aytib, uning muallifini olqishlaganlar bo`ldi. Biroq izoh qoldirganlarning aksariyati libos yoqmaganini yashirishmadi. Tanqidlar asosan, libosda o`zbek erkaklarining milliy bosh kiyimi - do`ppidan foydalanilgani uchun bildirildi (libosda do`ppi tananing elka, ko`krak va bel qismida ishlatilgan).
Kimdir ayollar libosida erkaklar do`ppisi o`rniga ayollarning iroqi do`ppisidan ham foydalanish mumkin edi, desa, yana kimdir do`ppining bosh kiyim ekanligiga urg`u berib, uni tananing boshqa qismlarida ishlatilganini qabul qila olmagan. Ba`zilar Shahzodaga ushbu libosni yirtib tashlashini ham iltimos qilishgan.
Quyida boshqa tanqidiy fikrlarni keltirib o`tamiz:

“Bachkana! Do`ppini qaerdan olgan bo`lsangiz, joyiga olib borib qo`ying! O`zbekning do`ppisi - o`zbekning sha`ni, g`ururi! Masxara qilish uchun o`yinchoq emas!”
“Do`ppini faqat va faqat boshga kiyadi. Uni aksessuar qilmaydi. Hamma narsada chegara bor, hatto san`atdayam!"

“Do`ppining qalampir nusxasini matoda ishlatsalar bo`lardi, endi bunisi o`tib ketdi-da! Odamlarning tanqid qilishiga sabab, bu do`ppi bir kishiga emas, butun millatga tegishli! Bu bizning qadriyatimiz! Buni oyoqosti qilishga hech kimning haqqi yo`q, kim bo`lishidan qat`iy nazar!”
“... Tokchada qolib ketdimi G`afur G`ulom kiygan do`ppilar...”, degandi Muhammad Yusuf! Nahot kiyimga aylandi asl o`zbek kiygan do`ppilar?! Mayli men ortiqcha gap yozmayman, ular ajoyib dizayner, biroq bunisi yoqmadi!





