17 mart, payshanba kuni rejissyor Zulfiqor Musoqov o`zining 26-filmi “Xazonrezgi”ni tomoshabinlar e`tiboriga havola etdi.
“Uzbekistan Today” nashri premeradan reportaj tayyorladi.
Mazkur filmning presonajalari hayotdan olingan. Ularning barchasining hayotda o`z prototiplari bor. Film ssenariysi shu qadar hayotiyki, xuddi bizning hayotimizdan olinganga o`xshaydi.
Zulfiqor Musoqov o`zining yangi filmi haqida shunday deydi:
“Menda hammasi oddiy. Filmni qanday his etsam, shunday suratga olaman. Bunday filmlarni suratga olishni qalbim menga buyuradi. Men ham shu millionlab oddiy odamlardan biriman. Shuning uchun ham ularning qiziqishlari, o`y-xayollari va rejalari menga qiziq. ‘Xazonrezgi’ insonlar haqida, insonlar uchun. Kartina barcha uchun tushunarli. U muxabbat haqida, hayot va urush haqida.
Shunisi e`tiborliki, yangi kartinada hamma filmlarda chiqadigan o`sha tanish chehralar ya`ni o`zbek kinematografiyasining taniqli aktyor va aktrisalari deyarli ishtirok etmagan. Asosiy rollarni debyutant aktyorlar ijro etgan. Shuningdek, filmda Bobur Yo`ldoshev va Shahzoda Matchonovalar ham ishtirok etgan.
Filmdagi bosh qahramon Qurbon obrazini tadbirkor va huquqshunos Baxritdin Abdullaev ijro etgan. U filmda o`zining ilk rolini ijro etdi. Yana bir asosiy obraz Lolani esa boshqa filmlarda ikkinchi darajali rollarni ijro etgan aktrisa Xusnora Hojimurotova gavdalantirgan.
“Zulfiqor Musoqov bilan tasodifan ko`chada uchrashib qoldik. U mendan kinoda suratga tushishni istash yoki istamasligimni so`radi. Men esa bu hayotimdagi eng katta orzuim ekanligini aytdim. Zulfiqor aka meni kinosinovga taklif qildi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o`tib, Qurbon roliga tasdiqlandim”,—deydi Baxriddin Abdullaev.
Qurbon oddiy avtobus haydovchisi. U urushda ishtirok etgan. Boshidan ko`p qiyinchiliklarni o`tkazgan. Urushda eng yaqin do`stidan ayrilgan... Lola ham oddiygina qiz. Oilaviy kelishmovchiliklardan bezib, ota uyini tark etishga majbur bo`ladi. Kunlardan bir kun ular uchrashib qoladi. Bir-biriga ko`ngil qo`yadi va kelajakda baxtli oilani bunyod etadi.
Bir so`z bilan aytganda, kartina 80-yillar voqealarini, o`sha yillardagi qiyinchiliklar, g`am-tashvishlar, ota-bobolarimiz boshidan o`tkazgan mashaqqatlar, afg`on urushi voqealari haqida hikoya qiladi.