“Olmazor” metro bekatidan Sergeli massiviga qadar tezyurar tramvay liniyasi quriladi.
“Xalq so`zi” gazetasida chop etilgan bu xabarni Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi boshlig`i vazifasini bajaruvchi Rustam Rahmatullaev tasdiqladi, deya xabar berdi, “Gazeta.uz” nashri.
Rustam Rahmatullaevning ta`kidlashicha, shaharda bundan tashqari 6,5 kilometr uzunlikdagi metropoliten stansiyalari qurilishi ham ko`zda tutilgan. Bu loyihalar transport vositalari qatnovini yaxshilash, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshiriladi.
Hozircha qurilish boshlanish sanasi noma`lum. Bundan tashqari 9 ta shahar tashqarisiga qatnaydigan transport avtoshohbekatlari ham boshqa joyga ko`chiriladi. Bir qancha tayyorgarlik ishlariga qaramay, Taraqqiyot ko`chasi (eski ToshMI)dan “Rohat” stansiyasiga bo`lgan masofada tramvay liniyasi qurilishi loyihasini shahar hokimiyati tasdiqlamaganligi ma`lum bo`ldi.





