Bugun, 1 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov Jahon odil sudlov loyihasi (World Justice Project) xalqaro nohukumat tashkilotining ijrochi direktori E. Andersen
bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati Darakchiga ma`lum qildi.
Uchrashuv doirasida tomonlar global pandemiya sharoitida yuzaga kelgan huquqiy chaqiriqlar, O`zbekistonda huquq ustuvorligini ta`minlashga qaratilgan so`nggi o`zgarishlarni muhokama qildi.
Xorijiy tomon mamlakatimizda amalga oshirilayotgan davlat organlarining faoliyatida ochiqlikni ta`minlash, korrupsiyaga qarshi kurash hamda odil sudlovni ta`minlashga qaratilgan islohotlarni ijobiy e`tirof etdi.
Shu bilan birga, vazir R. Davletov bu jarayonlarda yagona davlat huquqiy siyosati amalga oshirilishini ta`minlashda Adliya vazirligining vazifalari haqida qisqacha to`xtalib o`tdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Jahon odil sudlov loyihasi tomonidan yuritiladigan Huquq ustuvorligi indeksining 2020 yildagi nashrida O`zbekistonga berilgan baholar, tashkilot ekspertlari bilan doimiy hamkorlik mexanizmlarini belgilab olish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini yuritishda Jahon odil sudlov loyihasi tashkiloti bilan doimiy hamkorlik qilish, shuningdek tashkilotning ekspert ko`magi yordamida ushbu indeksni yanada takomillashtirish bo`yicha kelishuvlarga erishildi.
Konstruktiv tarzda o`tgan uchrashuv yakunida tomonlar o`zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.






