AsosiySiyosat

AQSh Davlat departamentining Jahonda odam savdosi to`g`risidagi yillik ma`ruzasida O`zbekistonning pozisiyasi yaxshilandi

'AQSh Davlat departamentining Jahonda odam savdosi to`g`risidagi yillik ma`ruzasida O`zbekistonning pozisiyasi yaxshilandi'ning rasmi

Kecha, 1 iyul kuni AQSh Davlat departamenti har yili an`anaviy tarzda tayyorlanadigan Jahonda odam savdosi to`g`risidagi yillik ma`ruzasini e`lon qildi. Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi ushbu ma`ruzaga o`z munosabatini bildirdi.

E`lon qilingan mazkur ma`ruzada jahondagi 192 ta davlatda ushbu sohadagi vaziyat chuqur tahlil etilgan, yo`l qo`yilgan kamchiliklar bilan bir qatorda, erishilgan natijalar ham inobatga olingan.

Ma`ruzada O`zbekiston o`z pozisiyasini yaxshilab, “2-toifadagi davlatlarning nazorat ro`yxati”dan chiqarilib, 2-toifadan o`rin oldi, ya`ni davlat idoralari minimal talablarni to`liq bajarmagan, shu bilan birga o`z faoliyatini ushbu standartlarga muvofiqlashtirish uchun salmoqli harakatlarni amalga oshiradigan mamlakatlar qatorida qayd etildi.

Shuningdek, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan bolalar mehnati va majburiy mehnat holatlarini aniqlash bo`yicha tekshiruvlar sonining ortganligi, mamlakatimizda odam savdosiga oid jinoyatlarni aniqlash va qonuniy javobgarlikka tortish borasidagi ishlar sezilarli ko`payganligi ham ijobiy baholangan.

Hisobotda O`zbekiston reytingining ijobiy tomonga o`zgarishi mamlakatimizdagi investision muhitning yanada yaxshilanishiga va natijada xalqaro brend korxonalarning O`zbekiston bozoriga kirib kelishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, AQSh va Evropa davlatlaridagi yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o`ynaydi.

Hisobotda O`zbekistonda ushbu yo`nalishdagi ishlarni yanada yaxshilash bo`yicha tavsiyalar ham aks ettirilgan.

    Boshqa yangiliklar