1

Sizda gapim bor: Birinchi muxabbatimga maktub

Mutolaa 19.03.2016, 13:36
Sizda gapim bor: Birinchi muxabbatimga maktub

Azizam!

Bu maktubni bitishga anchadan beri jazm qilolmay yurardim. Bugun yuragimning allaqerida qolib ketgan gaplarni qog`ozga to`kkim keldi.

Esingizdami, siz bilan ilk bor ko`rishgan kunimiz? O`shanda sizni  nafaqaga chiqan hamxonam o`rniga ishga olishgan, bo`lim boshlig`imiz sizni boshlab kirib, “tanishib olinglar, endi birga ishlaysizlar” deb aytgandi. Shu-shu bitta xonada uch yil birga ishladik. 

Ko`rinishingizdan sizni hali yigirmagan ham bormagan qiz deb o`ylagandim. Bilsam yoshingiz ancha kattaroq ekan. Siz bilan tez til topishdik. Ko`p masalalarda fikrimiz bir joydan chiishini angladim. Masalan, adabiyot, san`at va boshqa masalalarda suhbatlasharkanmiz, qarashlarimizdagi o`xshashlikni tobora chuqurroq anglab borardim. 

Fikriy yaqinlik qalbimda boshqacha hislarni ham ulg`aytira boshlaganini dastlab payqamadim. Axir unda men allaqachon uylangan, ikkita farzadning otasi, siz esa, hali turmush ostonasini hatlamagan qiz... Har gal ayni vaqti bo`lsa-da, tushmushga chiqmay yurganingiz sababini so`rashga og`iz juftlardim-u, sizni ranjitmaslik uchunmi, indamaslikni afo`al ko`rardim.

Keyinchalik bu haqda o`zingiz og`iz ochdingiz. 

— Uyimizdan haliyam sovchilar qadami uzilmaydi. Qancha yigitlar bilan uchrashib, gaplashib ham ko`rdim. Hech qaysisi ko`nglimdan joy ololmadi. Oyim bechora ham meni deb qiynalib yuribdi. “Yoshing o`tyapti” deb kuyungani kuyungan. Lekin, bu umr savdosi-ku? Axir u bilan bir umr yashayman-ku?

Ochig`i, men siz bilan kelgusida taqdir rishtasini bog`lashi mumkin bo`lgan yigitga ich-ichimdan havas, hatto salgina hasad ham qilardim. Ishga obdon ko`milgan chog`ingizda sizga zimdan tikilib o`tirar, u yigit kim bo`lsa-da, chinakam baxtli qila olishingizga ishonardim. 

Oilamdan norizo emasman. Lekin, tan olaman, bu oila ota-onalarimizning o`zaro kelishuvi bilan bunyod bo`lgan. Ayolim bilan risoladagidek umrguzaronlik qilib kelyapmiz. Farzandlarimiz kelajagi uchun qo`limizdan kelganini qilyapmiz... Lekin, baribir nimadir etishmasdi. Uning nima ekanini o`zim ham bilmasdim. Muhabbatni esa, faqat to`ygacha, hali oradagi  hijron devori qulamagan paytlardagi odatiy ehtiyoj deb bilardim. 

Kunlar o`tib borardi. Hisoblab qarasam, kunning to`qqiz soati siz bilan birga o`tarkan. Tushlikka ham siz bilan birga chiqardik. Keyinchalik to avtobus bekatigacha sizni kuzatib qo`yishni o`zingiz so`radingiz.

— Ishxona bilan bekat o`rtasidagi mashina ustaxonasi oldida har doim bekorchi yigitlar to`planib turgan bo`ladi. O`tsam, gap otmasdan qo`yishmaydi. Shu bois, iltimos, meni o`sha erdan o`zingiz o`tkazi qo`ying.

Men bu vazifani jon deb zimmamga oldim. Har doim sizning yoningizda ketib borarkanman, ich-ichimdan g`urur hissini tuyardim. Axir yonimda sizdek chiroyli, latofatli qiz borligidan nega quvonmayin?

Avtobus sizni olib ketarkan, men huvillagan qalbim bilan uyga qaytardim.  Yo`l-yo`lakay sizni o`ylab borardim. Eyin esa, tezroq tong otishini istab, yana sizni ko`rishimni o`ylab, uyquga ketardim... Va bir haqiqatni ich-ichimdan angladim: Sizni sevib qolgandim. Ha, oilali, ikki farzandning otasi bo`la turib qalbimni sizga boy bergandim.

Sizga nisbatan qarashlarim o`zgarganini sezmasligingiz mumkin emasdi. Xonamizda har doim ufurib turadigan atiringiz hidi, derazamizda siz parvarish qiladigan anvoyi gullar, siz kunda ikki marta damlaydigan qahvaning xushbo`y ta`mi, siz kompyuterda eshitadigan qo`shiqlar.. hamma-hammasi hayotimning ajralmas qismiga aylanib ulgurgandi. Va nazarimda siz ham menga nisbatan efarq emasdingiz. Buni gap-so`zlaringizdan, muomalangizdan sezardim yoxud o`zim  istaganim uchun menga shunday tuyulardi. 

Esimda, bir talaba qiz xonamizga she`r olib kelgan, keyin gap orasida mening qaerdan ekanim va qaerda o`qiganim haqida surishtira boshlganda, ensangiz qotib:

— Uylanganingiz va ikki farzandingiz borligini ham aytib qo`ying, degandingiz. Bechora qiz g`alati ahvolga tushib, chiqib ketgan, sizning kun bo`yi chiroyingiz ochilmagan, men esa, kechgacha sizning bu ishingizdan xursand bo`lishni ham, ranjishni ham bilmay, g`alati ahvolda yurgandim.

Balkim o`sha kungi “dilxira”lik menga yanada umid bergandir. Qalbimda sizga bo`lgan munosabatni ochiq aytishga undagandir. Ammo, shoshmadim. Birinchidan men oilalimanyu. Shu oqqacha noto`g`ri qadam bosmadim. Oilani hammma narsadan ustun qo`yib keldim. Undan ham asosiysi... siz hali bokira qiz edingiz. O`zimni sizga aslo munosib ko`rmasdim. Sizni bu hayotda o`z baxtingizni topishingizni istardim. Va... qachondir boshqa birov bilan turmush qurishingizni o`ylab, ich-ichimdan yonib kuyardim ham..

Ichimdagi dard ulg`ayshgani sari qarama-qarshi o`ylar tobora iskanjasiga olardi. Sizga yuragimda kun sayin ulg`ayayotgan dardni aytib engil tortishni istasam-da, har ikkimizning bu izhor loyiq emasligimizni anglab sukut saqlardim. “Undan keyin nima bo`ladi?” degan savol meni tinch qo`ymasdi. Balkim bu izhor bilan sizning qalbingizni yaralarman? Muhabbatimni javobsiz qolmagan taqdirda ham, sizni baxtli qilolmasligimni o`ylab yana dardim og`irlashardi. 

Lekin... bir kuni hislarim mendan g`olib keldi. Axir sevishimni aytsam nima qipti? Osmon uzilib erga tusharmidi? Qolaversa, nazarimda siz ham qalb so`zlarimni eshitishga mushtoq bo`lib ko`rina boshlagandingiz. Xullas, do`kondan yurak shaklidagi ochiqchalardan eng chiroylisini sotib oldim. Sizdan avvalroq ishxonaga bordim, unga o`sha o`tli uch so`zni bitib, siz har kuni suv quyadigan gultuvaklardan biriga joylab qo`ydim. 

Siz kelishingiz bilan yuragim gurs-gurs tepa boshladi. Har kungi salom-alikdan so`ng, siz yana deraza tomonga, parda ortidan tekis saf tortgan gullar tomonga o`tdingiz va elim idishdagi suv bilan sug`ora boshladingiz. Mana, hozir... boshlanadi...

Shu payt xonada sizning jarangdor kulgingiz yangradi.

— Kimir men bilan hazillashmoqchi bo`ptimi? – Siz muloyim tabassum bilan menga yuzlandingiz. Qo`lingizda o`sha, yurak shaklidagi ochiqcha... — Siz bilmaysizmi? Kim tashlab ketdiykin?

Men kompyuterdan bosh ko`tarmadim. O`zimni beparvo tutdim. 

— Men qaerdan bilay? – dedim ovozimga dag`al tus berib. 

— Kecha yo`q edi, aniq bilaman. Sizdan oldin kimdir kirganmidi? – so`radingiz soddadillik bilan. – Har qalay farrosh xotin yozmagandir?

Nazarimda hozir osmon ustimga qulab tushadigandek edi. “Ochiqchani basharmga irg`itib otsa-chi” dekgan andisha ham yo`q emasdi. Undan ham yomoni qalbingizning parchalanishi... Yo`q, tan olmayman!

— Bu bilan nima demoqchisiz? – dedim hissiz. – Men yozibmanmi? Jinni bo`pmanmi sizga sevgi izhor qilib...

Tamom... Shundan so`ng yuzingizdagi tabassum tamoman so`ndi. Qaytib gaplashmadingiz ham. Oradagi bir necha kun so`zsizlikda kechdi. O`sha onda qalbimdagi hislarim avvalgidan-da, kuayganini sezardim. Siz ham chamamda mendan nimanidir kutardingiz.

...O`sha kuni siz ishga mendan avvalroq kelgan ekansiz. Eshik ochiq turardim. Sassiz qadamlar bilan kirib borganimda, sizning tanish, nafis ovozingizni eshitib ostonada qotdim. Siz parda ortida gullarga suv quyib, qaysidir dugonangiz bilan gaplashardingiz.

— Nilu, odam ham shunchalik jur`atsiz bo`ladimi? Qon bo`lib ketdim. Bilaman, uning yuragi to`lib turibdi. Nega aytolmaydi? Bir og`iz gap-ku? Nima, agar shu gapni aytsa, men uni bo`yniga osilib olarmidim? Xudo haqqi, unga ham, oilasiga ham zarracha yomonligim yo`q. Bir marta bo`lsin... eshitgim kelgandi. Mana, bir haftadan beri sukunat. Ba`zan, “latta, lapashang, landovur” deb bor oovzim bilan baqirgim, haqoratlagim keladi... Yo`q, Nilu, boshqa chidolmayman. U bilan bitta xonada qachongacha qiynalib yashayman? Ketaman, iltimos menga biror ish topishvor. Qancha tez bo`lsa shuncha yaxshi...

Men ham toshdek qotib turardim. Shu on miyamga sizning qarshingizda tiz cho`kib, aytimga iroq bo`lish ham xayolimga keldi. Ammo, o`zimni tutdim. Ammo, meni payqab qolishingizdan qo`rqib, yashin tezligida o`zimni koridorga urdim. Qabulxonada ariza yozib, boshliqning qabuliga kirdim...

Boshqa ish topishim qiyin kechmadi. Tutgan yo`lim to`g`ri edi, nazarimda. Bu yo`lning oxiri yo`q edi. Sizni o`zimdan asrashim kerak edi. Siz umidsiz va natijasiz muhabbatga emas, har jihatdan mukammal baxtga loyiq edingiz. O`zimning va sizning hislaringiz evaziga, sizni kelajakdagi to`kis baxtdan mosuvo etolmasdim. Faqat bitta narsani bilishingizni juda-juda istardim. Men siz o`ylaganingizchalik, qo`rqoq, jur`atsiz emasman. Sizni o`zimdan asradim, xolos!

Lekin, sizni sog`inar, har kuni ishdan chiqib sizni kuzatib qo`yadigan yo`lakni ikki karra piyoda kezib chiqardim. Kunlarning birida... sizni o`sha yo`lakda ko`rdim. Yoningizda balan bo`yli, kelishgan bir yigit... Yuragimda nimadir uzildi, ammo darrov o`zimni yupatdim:  

“Shunday bo`lishi kerak edi. Ishqilib, aldanmagan bo`lsin!”

Yo`q, hammasi yaxshilik bilan tugadi. Oradan uch oy chamasi o`tgandi. Ichki telefon jiringladi. Pastdagi qorovul bir qiz meni yo`qlab kelganini aytdi. Tushsam – Siz. Kulib turibsiz. Bir so`z demasdan, qo`limga konvert tutqazib, ortingizga qayrildingiz. Na salom, na xayr!

Konvert ichida esa, chiroyli taklifnoma! “Hurmatli ....! Sizni farzandlarimiz...”

Avval ko`z oldim qorong`i tortgandek bo`ldi. Keyin esa, yorishib ketdi. Beixtiyor o`sha tanish atir hidi  ufurib turgan taklifnomani labimga bosib, pichirladim:

“Baxtli bo`ling!”

Oradan yillar o`tdi. Yaqinda sizning ijtimoiy tarmoqdagi sahifangizga kirib qoldim. Bir-biridan chiroyli rasmlar. Ayniqsa, atak-chechak yurayotgan qizlog`ingiz surati... Ikkovingiz ikki tarafdan, uning jajji qo`lchalarini ushlab turibsizlar. Tagida esa, o`zingiz qoldirga izoh: “Men dunyodagi eng baxtli ayolman!”

Ostida tanish-bilishlaringiz qoldirgan sanoqsiz izohlar ostida men ham nimadir bitgim keldi:

“Baxtingizni yomon ko`zlardan asrasin!”....

Farrux, Toshkent

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1