Xorijdagi universitetlardan biriga magistraturada tahsil olish uchun hujjat yig`ib yurgan O`zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti talabasi hujjat yig`ish jarayonida duch kelgan muammo yuzasidan Facebook ijtimoiy tarmog`ining Maslahat.uz guruhiga murojaat qildi.
Xususan talabaning murojaatida shunday deyiladi:
“Koreyaga magistraturaga hujjat topshirayotgan edim. Hujjatlar orasida ayni damda Universitetning 4-bosqichida tahsil olayotganim va o`qishni iyun oyida tamomlashi haqidagi ma`lumotnomaga O`zbekiston Gerbi aks etgan dumaloq muhr bosilishi kerak ekan. Mazkur muhr bosilishi uchun esa men tahsil olayotgan OTM rektori yohud prorektorining imzosi kerak. Prorektorga murojaat qilsam, bunga dekanni javobgarligini aytdi, dekanning imzosi esa gerbli muhr uchun asos bo`lolmaydi, yana prorektorga yuzlandim, endi u xalqaro bo`limga junatdi. Xalqaro bo`limdagilar esa “nima bo`lsa xalqaro bo`lim, xalqaro bo`lim..”, deya kinoya qilishdi. Ular esa “hali hammasi oldinda Davlat imtihonlari bor, ulardan o`ta olishingizni bilmaymizku”, deya javob berishdi. A`lo baholarga o`qiganim bois, imtihonlarni qanday topshirolmasligim mumkin deb aytganimda, ulardan “bilmaymiz”, degan javobni oldim. Dekanim qo`ldan kegancha yordam qildi, lekin ularning imzosi barbir gerbli muhr uchun asos bo`lmaydi. Xullas, undan bunga yugur, bundan unga yugur. Hujjat topshirish muhlati esa 25 martgacha. Pochta orqali etib borishi uchun ham 2 kun ketadi, dam olish kunlari esa pochta ishlamaydi. Nima qilsam ekan?”
Talabaning ushbu muammosi guruh a`zolarini befarq qoldirmadi. Hamma bir bo`lib muammoga echim topishga urindi. Eng qizig`i talabaning muammosi yuzasidan shaxsan u tahsil olayotgan O`zbekiston Davlat Jahon tillari universitet rahbari rektor Shuhrat Qayumovning bergan javobi bo`ldi.
Xususan, rektor talabasiga qarata nima sababdan mazkur masala yuzasidan to`g`ridan-to`g`ri rektorga murojaat qilinmaganligi, kimda qanday muammo bo`lsa, rektorga to`g`ridan-to`g`ri murojaat qilishi mumkinligi va 2 oydan beri elektron pochta orqali murojaat yozish mumkinligi to`g`risida rektor eshigida osilgan e`lon turganligi, nima uchun talaba shu yo`llardan foydalanmaganligi haqida so`ragan.
Talaba esa bayram arafasida universitet rahbariyatining bundanda muhim ishlari borligini va bu masala ular uchun unchalik muhim emas, deb o`ylaganini aytib, rektordan uzr so`ragan.
Bunga rektor Shuhrat Qayumov “Bitta talaba yoki olti ming nafar talaba, soni muhim emas, chunki biz kartoshka qop sanamayapmiz. Bizga har bir talaba har bir hamkasaba aziz va muhim. Albatta agarda ularni niyati toza va to`g`ri bulsa. Ishonaman, Sizning niyatlaringiz ham shunaqa”, - deya javob qaytargan.
Bu dialogni kuzatib turgan guruh foydalanuvchilari esa bir vaqtlar rektorni oldiga kirish u yoqda tursin prorektorga uchrashish ham muammo bo`lganini, hozir rektor bilan talaba to`g`ridan-to`g`ri aloqada suxbat qurayotganiga qoyil qolishganini hamda boshqa Oliy ta`lim muassasalari rektorlari bundan o`rnak olishlari kerakligi yozib qoldirishgan.
Murojaatiga ko`ra, Janubiy Koreya universitetiga magistraturaga hujjat topshirish maqsadida bo`lgan talabaning muammosi u tahsil olayotgan universitet rahbaridan olingan maslahatdan so`ng qay tarzda echim topishini kuzatamiz.





