«Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining «Toshkent xalqaro aeroporti» chegara bojxona posti xodimlari yo`q bo`lib ketayotgan kamyob turlar sirasiga kiruvchi sudralib yuruvchi hayvonlarni havo yo`llari orqali yashirincha olib chiqilishiga chek qo`yishdi. Bu haqda "Darakchi.uz" manbasi xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, “Toshkent-Moskva” reysi bo`yicha parvozga shaylangan fuqarolardan biri bojxonadan yashil yo`lak orqali harakatlanar ekan, uning bezovtalanishi bojxonachilarning diqqatini tortgan. Unga tegishli bagajlar belgilangan tartibda ko`zdan kechirilgan.
Ushbu shaxs bojxona xodimlarining og`zaki so`rovida va yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ma`lum qilmasdan turib, taqir to`garakbosh, gekkoncha, kaltekasak kabi 35 bosh noyob jonzotlarni tirik holatda tamaki qutilari ichiga joylagancha olib chiqayotgan vaqtida to`xtatib qolingan.
Bundan tashqari shu kabi jonzotlarning 14 tasi spirtda qotirilgan holatda, shuningdek 16 dona kaltakesak dumi, 1 dona ondatra dumi va 2 bosh o`lik holatdagi chipor ilon ham olib chiqib ketilayotgani ma`lum bo`ldi.
Mazkur sudralib yuruvchi hayvonlar asosan Farg`ona vodiysida tabiatdan ajratib olingan, lekin yo`lovchi ularni O`zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketish huquqini beruvchi hujjatlarni bojxona xodimlariga taqdim qila olmagan.
Hozirda ushbu jonzotlar O`zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasiga topshirildi. Holat yuzasidan esa bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.