O`zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ko`magida O`zbekiston Din ishlari qo`mitasi hamda Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi bo`lim boshliqlari o`rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi.
Uchrashuvda turk tomoniga mamlakatimizda so`nggi yillar davomida diniy-ma`rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlarga oid atroflicha ma`lumotlar taqdim etildi.
Ta`kidlanganidek, O`zbekistonning boy diniy-ma`naviy merosini asrab-avaylash, yoshlarni yot mafkuralar ta`siridan muhofaza etish va ularni ajdodlarning sof ta`limotlari asosida tarbiyalash bo`yicha ko`plab ishlar amalga oshirildi.
Xususan, Imom Buxoriy hamda Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining tashkil etilgani holda, ular sermahsul faoliyat olib borayotgani, ham mohiyati, ham salobati jihatidan muazzam loyiha – Islom sivilizasiyasi markazining ta`sis qilingani qayd etildi.
-Ota yurtimiz bo`lgan qardosh mamlakat, islom madaniyati rivojiga hissa qo`shgan buyuk olimlar, alloma va mutafakkirlarning beshigi hisoblangan O`zbekiston bilan hamkorlik qilish biz uchun ulkan faxr-iftixor hisoblanadi, dedi Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi Evrosiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo`limi boshlig`i Solih Gur. — O`zaro hamkorlik natijasida har ikki tomon uchun manfaatli loyiha va tadbirlarni amalga oshirishimizga ishonaman.
Muzokaralar yakuni bo`yicha tomonlar diniy sohadagi davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan tajriba va amaliyot almashish, o`zaro manfaatli masalalar bo`yicha uchrashuv, konferensiya, davra suhbatlari tashkil etish, buzg`unchi soxta diniy g`oyalar va diniy ekstremizm ko`rinishlari tarqalishining oldini olishga qaratilgan tushuntirish ishlarini amalga oshirish, islom madaniyati va sivilizasiyasi rivojiga ulkan hissa qo`shgan buyuk allomalar va mutafakkirlarning maskanlari, muqaddas qadamjolarni asrab-avaylash, ziyoratchilarga qulay sharoitlar yaratish, ajdodlar koldirgan boy ilmiy-madaniy merosni xalqqa etkazish hamda “Ziyorat turizmi”l yo`nalishlarida hamkorlik qilish masalalarini o`z ichiga olgan Anglashuv memorandumini imzolashga kelishildi.






