AsosiyJamiyat

Zangiota tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar faoliyatida qonunbuzarliklar aniqlandi

Davlat soliq qo`mitasi tomonidan Toshkent viloyatining Zangiota tumanida tashkil etilgan nazorat tadbirlari davomida mazkur hududda tadbirkorlar tomonidan xaridorlarning qonuniy manfaatlariga bepisandlik, savdo qoidalarini qo`pol ravishda buzish, eng yomoni savdodan tushgan yirik miqdordagi naqd pullarni o`z vaqtida bank kassalariga topshirmaslik kabi illatlar ildiz otganligi ma`lum bo`ldi.

Xususan 3 ta tadbirkorlik sub`ektlarida o`tkazilgan qisqa muddatli tekshirishlarda xaridorga xarid cheki bermaslik, naqd pul mablag`larini bank kassalariga topshirmaslik, tegishli hujjatlari mavjud bo`lmagan tovarlarning noqonuniy savdosi va boshqa qator kamchiliklar aniqlandi.

Ushbu tekshirishlarning 2 tasida savdodan tushgan jami 288,4 mln.so`m naqd pullar nazorat kassa mashinasi xotirasiga kirim qilinmaganligi va bankka topshirilmaganligi hamda sifat sertifikati, kirim hujjatlari bo`lmagan 141,5 mln.so`mlik tovarlar savdoga qo`yilganligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida vaqtinchalik olib qo`yildi.

Bundan tashqari, tadbirkorlik subektlari tomonidan 3 nafar fuqarolarga qonunchilik talablariga zid ravishda mehnat shartnomalari tuzmasdan, «konvert» usulida 5,3 mln.so`m miqdorida ish haqi berish holatlari aniqlandi.

Jumladan, tuman hududidagi Toshkent halqa yo`li ko`chasi 10-uyda faoliyat yuritayotgan «Nazar kelajak savdo» mas`uliyati cheklangan jamiyatga qarashli xo`jalik mollari, oziq-ovqat, alkogol mahsulotlari va dorixonada o`tkazilgan qisqa muddatli tekshirishda xaridorlarga xarid cheki berilmaganligi, kunlik savdodan tushgan jami 8 million 282 ming 800 so`m hamda davriy hisobot bo`yicha 4 million 795 ming 400 so`m naqd pullar nazorat kassa mashinasi xotirasiga kiritilmaganligi shuningdek, nazorat kassa mashinasi xotirasiga kirim qilingan bo`lsa-da, o`z vaqtida bankka topshirilmagan 699 ming 100 so`m naqd pullar mavjudligi ma`lum bo`ldi.

Alkogolli ichimliklar sotish shoxobchasida esa tadbirkor savdodan tushgan yirik miqdordagi – 104 million 888 ming 300 so`m naqd pullarni nazorat kassa mashinasi xotirasiga kirim qilishni va bankka topshirishni o`ziga ep ko`rmagan.

Tekshirish davomida sotuvchi tomonidan shoxobcha rastalarida mavjud bo`lgan jami 176 turdagi 4832 dona, 55 million 955 ming 400 so`mlik tovar-moddiy boyliklarining sifat sertifikati va tegishli hujjatlarini taqdim eta olmadi.

Bundan ko`rinib turibdiki, mazkur mahsulotlarning mahsulotlar savdoga noqonuniy qo`yilgan hamda ularning taqdiri qonuniy hal bo`lgunga qadar daliliy ashyo sifatida vaqtinchalik olib qo`yildi.

Ushbu hududda joylashgan “Bekzod kapital servis” xususiy korxonasiga qarashli alkogol mahsulotlari va salqin ichimliklar sotish shoxobchalarida o`tkazilgan qisqa muddatli tekshirish natijalarida ham shunday holatlar aniqlandi.

Xususan, nazorat tadbirida tadbirkor tomonidan savdo faoliyatidan tushgan jami 183 million 467 ming 200 so`m naqd pullar nazorat kassa mashinasi xotirasiga kiritilmaganligi va bankka topshirilmaganligi, 1 nafar fuqaroga «konvert» usulida 3 million 500 ming so`m ish haqi berib ishlatilayotganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, sifat sertifikati va kirim hujjatlari bo`lmagan 38 turdagi 1955 dona, 18 million 552 ming 200 so`mlik tovarlar sotuvga qo`yilganligi aniqlanib, ushbu tovar-moddiy boyliklar daliliy ashyo sifatida vaqtinchalik olib qo`yildi.

Belgilagan qonunchilik talablariga rioya etmaslik tadbirkorlik subektining moliyaviy holatiga salbiy ta`sir ko`rsatishi Zangiota tumani hududida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Kalanov Nodir Sirojiddinovichga qarashli savdo shoxobchasida o`tkazilgan qisqa muddatli tekshirishda ham o`z isbotini topdi.

Bu erda o`tkazilgan tekshirishda xaridorga xarid cheki bermaganligi, kunlik savdodan tushgan jami 25 million 595 ming 200 so`m naqd pullarni nazorat kassa mashinasi xotirasiga kiritilmaganligi aniqlandi.

Tegishli hujjatlari bo`lmagan 496 qop, jami 67 million 38 ming so`mlik Qozog`iston Respublikasida ishlab chiqarilgan un mahsulotlari esa daliliy ashyo sifatida vaqtinchalik olib qo`yildi.
Davlat soliq qo`mitasi tomonidan ushbu yo`nalishdagi nazorat tadbirlari davom ettiriladi.

    Boshqa yangiliklar