AsosiyMadaniyat

O`zbek va tojik kinochilari Navoiy va Jomiy do`stligi haqida film suratga oladi

'O`zbek va tojik kinochilari Navoiy va Jomiy do`stligi haqida film suratga oladi'ning rasmi

O`zbekiston Kinematografiya agentligida O`zbekiston va Tojikiston kinoijodkorlari hamkorligida yangi  kinoloyihalarni yaratish bo`yicha onldayn muloqot tashkil etildi. Unda har ikki davlatning taniqli kino arboblari, olim va yozuvchilari ishtirok etishdi.  

Anjumanda so`zga chiqqan O`zbekiston Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov, Tojikistonning O`zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda,  “Tojikfilm” davlat muassasasi rahbari Mahmasaid Shohiyon hamkorlikda amalga oshirilajak loyihalarning ahamiyati, kelgusida rejalar xususida so`z yuritishdi.  

Ta`kidlanganidek, 10-12 iyun kunlari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga  

tashrifi davomida barcha sohalar qatori madaniy aloqalarni ham rivojlantirishga alohida e`tibor qaratildi. Tashrif  asnosida o`zbek kinoustalari tomonidan yaratilgan “Ilhaq” badiiy filmi, “Abdurahmon Jomiy”, “Yagona osmon ostida”, “Xalq yuragi” hujjatli filmlari namoyish qilindi. Mazkur filmlar tojik kino muxlislari tomonidan samimiy qabul qilindi. Prezidentimiz ushbu tashrif asnosida Tojikistonda o`tkazilgan o`zbek kinosi kunlari muvaffaqiyatli o`tganini qayd etib, buyuk ajdodlarimiz – Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy do`stligi haqida hamkorlikda badiiy film yaratish vaqti kelganini ta`kidladi. Bu taklif Tojikiston rahbari tomonidan ham qo`llab-quvvatlandi.  

Onlayn anjumanda ham aynan shu masalaga alohida ahamiyat qaratildi. Darhaqiqat, Alisher navoiy va Abdurrahmon Jomiy o`rtasidagi do`stlik haqida ko`plab ilmiy va badiiy asarlar yaratilgan. Bir qator hujjatli filmlar suratga olingan. Ammo, shu paytga qadar yaratilgan ekran va sahna asarlarida bu ikki ulug` mutafakkir do`stligi etarlicha  yoritilmagan.  

So`zga chiqqanlar bu mavzuda yaratiladigan badiiy filmda tarixiy, ilmiy va adabiy manbalardan mavzuga doir ma`lumotlarni to`plash va saralash, ikki buyuk mutafakkir munosabatlari timsolida o`zbek va tojik xalqlarini asrlar davomida bir-biriga chambarchas bog`lab kelgan do`stlik va qardoshlik  rishtalariga alohida e`tibor qaratish lozimligini ta`kidladilar.  

Anjumanda dastavval har ikki mamlakatning olimlari va ijodkorlari orasidan  mavzuga doir adabiyotlar, ma`lumotlarni saralash uchun ijodiy guruhni shakllantirish lozimligi qayd etildi. Mazkur ma`lumotlar asosida o`zbek va tojik kinoijodkorlari tomonidan ssenariy yaratiladi, keyingi bosqichda esa, rejissyor va aktyorlar aniqlanadi.  Bu boradagi ishlarning borishini qat`iy nazorat qilish maqsadida har haftada muntazam ravishda ikki davlat kino arboblari ishtirokida onlayn muloqot o`tkazib borishga kelishib olindi.  

Shuningdek, yig`ilishda o`zbek va tojik kinoustalari hamkorligida boshlangan ikki loyiha – “Notanish yulduz” hamda “Toshlar va suv” filmlarini suratga olish yuzasidan ham o`zaro fikr almashildi.

    Boshqa yangiliklar