Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov tomonidan o`tkazilayotgan brifingda ma`lum qilindi, deya xabar bermoqda "Darakchi" muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
Qayd etilishicha, 15-16 iyul kunlari Afg`oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G`ani va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon tashrif bilan O`zbekistonda bo`ladilar. Pokiston etakchisi rasmiy tashrif bilan, Afg`oniston rahbari esa Toshkent shahrida o`tkaziladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog`liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida amaliy tashrif bilan kelmoqda.
Ushbu konferensiya, shubhasiz, joriy haftaning eng muhim tadbiri bo`ladi. Uning ishida, avval qayd etilganidek, Afg`oniston va Pokiston Prezidentlari, shuningdek, Evropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik sisati bo`yicha Oliy vakili, Evrokomissiya vise-prezidenti Jozep Borrel, 20 dan ziyod mamlakat tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Ishtirokchilarning umumiy soni 600 dan ortiq.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokchilarga videomurojaat yo`llaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan o`tkazilayotgan konferensiya Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o`rtasidagi do`stona aloqalar, ishonch va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan.
Yalpi va sho``ba majlislarida mintaqaviy bog`liqlikni yanada chuqurlashtirish imkoniyatlari, shu jumladan savdo va transport sohalaridagi hamkorlikning barqaror o`sishni ta`minlashdagi o`rni, madaniy-gumanitar aloqalarni qayta tiklash orqali do`stlik va o`zaro ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi tahdid va xatarlar muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Afg‘oniston va Pokiston Prezidentlari, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Bangladesh, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, AQSH Prezidentining Ichki xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Elizabet Shervud-Rendall va Yevropa Ittifoqi tashqi siyosiy idorasi rahbari Jozep Borrel bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.






