“Sog`lom ona va bola yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida tashkil etilgan «Salomatlik poezdi» Navoiy viloyatiga jo`nab ketdi.
“Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O`zbekiston temir yo`llari” davlat aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilayotgan “Salomatlik poezdi” xayriya tadbirlari davomida Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarning chekka, ekologik noqulay hududlari aholisi, jumladan, ayollar va bolalar, kam ta`minlangan oilalar a`zolari, keksalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, ijtimoiy jihatdan qo`llab-quvvatlanmoqda.
2015 yilda tashkil etilgan shunday tadbirlarda 6 mingga yaqin aholi tibbiy ko`rikdan o`tkazilgan. Joylardagi yuzdan ortiq tibbiy va ijtimoiy muassasalarga, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga manzilli ravishda oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon, vitaminlar, tibbiyot jihozlari, sanitariya va gigiena vositalari topshirilgan.
Navoiy viloyatiga yo`l olgan navbatdagi “Salomatlik poezdi”ning yuqori malakali shifokorlari hamda “Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining ko`chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi xodimlari aholiga tibbiy xizmat ko`rsatadi.
“Salomatlik poezdi” terapevti Xosiyat Hamdamovaning bergan ma`lumotlariga ko`ra, xayriya tadbiri davomida ayollar va bolalar zamonaviy uskunalar yordamida chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, tashxis qo`yiladi hamda zarur dori vositalari bilan ta`minlanadi.
Tibbiy-ijtimoiy tadbirni tashkil etishga “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi, “Reka med Farm” qo`shma korxonasi, “Navro'z PTK” mas`uliyati cheklangan jamiyati va xalqaro tashkilotlar yaqindan ko`maklashdi. Tadbir davomida ijtimoiy ko`makka muhtoj aholi va nogironlarga, tibbiy-ijtimoiy muassasalarga 650 million so`mlikdan ziyod dori-darmon, gigiena vositalari etkazib beriladi.