15 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog`liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Afg`oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G`ani bilan uchrashuv o`tkazdi.
Muzokaralarda mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta`minlash sohasidagi hamkorlikning istiqbollari ko`rib chiqildi.
Ikki mamlakat etakchilari afg`on mojarosini harbiy yo`l bilan hal qilishning imkoni yo`qligini yana bir bor ta`kidlab, inklyuziv afg`onlararo muzokaralar tez fursatda qayta tiklanishining tarafdori ekanliklarini qayd etdilar.
Prezident Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Afg`onistonda barqaror tinchlikka erishilishiga faol ko`maklashishga tayyorligini tasdiqladi.
Tomonlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Pandemiyaga qaramay, joriy yilning besh oyi yakunlari bo`yicha o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 50 foizga ortdi. O`zbekistonda Afg`oniston sarmoyasi ishtirokida 160 ta yangi korxona tashkil etildi.
Markaziy va Janubiy Osiyo o`rtasidagi bog`liqlikni mustahkamlash barobarida Afg`onistonning tranzit salohiyatini kengaytirishga qaratilgan qo`shma transport va energetika infratuzilmasi loyihalarini barobarida Afg`onistonning tranzit salohiyatini kengaytirishga qaratilgan qo`shma transport va energetika infratuzilmasi loyihalarini, xususan, “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul - Peshovar” temir yo`li va yangi “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini barpo etish loyihalarini yanada ilgari surish muhim ekani ta`kidlandi.
Prezidentlar ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish borasida qat`iy ekanliklarini qayd etdilar.






