Bugun O`zbekiston poytaxtida o`z ishini boshlagan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o`zaro bog`liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ishtirokchisi - Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho`g`lu mamlakatimizga tashrifini Farg`ona viloyatidan boshladi.
- Yana bir bor qardosh O`zbekiston diyorida bo`lib turganimdan hamda “oltin vodiy” deb ta`riflanadigan Farg`onani ziyorat qilayotganimdan benihoya mamnunman, - dedi Turkiya tashqi siyosat mahkamasi rahbari. - Turkiya Prezidenti bizga “O`zbekistonga tez-tez borib turinglar, qardoshlarimiz bilan doim birga bo`linglar”, degan alohida topshiriq bergan. Bugun biz ertaga Toshkentda boshlanadigan juda muhim xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun O`zbekistonga keldik.
Ushbu tadbir Prezident Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylari tomonidan ilgari surilgan yangi tashabbus, yangi g`oya hisoblanadi. U mohiyatan Markaziy Osiyo mintaqasining Janubiy Osiyo bilan o`zaro bog`liqligi asosida yangi va zamonaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o`zida mujassam etgan. Haqiqatan ham bu hududlarda avtomobil va temir yo`llar, energetika loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari mavjud. Bu jarayonda O`zbekiston markaziy o`rin tutadi, deb hisoblaymiz. Bugun biz O`zbekiston Prezidentining ushbu muhim tashabbusini qo`llab-quvvatlash uchun keldik.
Fursatdan foydalanib ushbu tashrifimiz davomida Farg`onani ham ziyorat qilishni lozim, deb topdik. Avvalgi tashriflarimiz chog`ida Xiva, Urganch, Buxoro va Samarqand shaharlarida bo`lgan edim.
O`zbekistonning har go`shasi tarixiy asarlarga boy, har viloyati go`zal. Men o`zim fermer oilasida katta bo`lganligim sababli dehqonchilikka ham qiziqaman. Farg`ona dalalarini kezish, butun dunyoga mashhur o`zbek qovunlarining qanday etishtirilishini ko`rish bugungi dasturimizda joy olganidan mamnunman.
Farg`onaning ham o`ziga hos madaniyati, tamadduni borligiga guvoh bo`ldik. Ipak ishlab chiqarish markazi bizda katta taassurot qoldirdi. Qo`lda to`qiladigan gilamlar rang-barangligi va behad go`zalligi bilan kishini lol qoldiradi.
Bunday gilamlardan bir donasini to`qish uchun oylar, yillar kerak bo`ladi. To`quvchi o`z ko`zining nuri va mehrini berib ter to`kadi. Turkiyada ham Hereke deb atalgan qadimgi manzilda xuddi shu uslubda gilamlar to`qiladi. Bu ham mushtarak jihatlarimiz va qadriyatlarimizning umumiyligidan dalolat.






