Muzokaralar yakunida Prezident Shavkat Mirziyoev va Bosh vazir Imron Xon O`zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o`rtasida strategik sheriklik aloqalarini o`rnatish to`g`risidagi Qo`shma deklarasiyani imzoladilar.
Tashrif doirasida imzolangan 8 ta hujjat almashildi. Tranzit va savdo to`g`risidagi hamda Ishbilarmon doiralar vakillari va sayyohlik guruhlari uchun viza tartiblarini soddalashtirish to`g`risida hukumatlararo bitimlar ular orasida alohida ahamiyatga ega.
Shuningdek, Mudofaa vazirliklari o`rtasida harbiy ta`lim sohasida hamkorlik to`g`risida protokol, 2021-2026 yillarga mo`ljallangan Madaniy almashuv dasturi, turizm masalalari bo`yicha anglashuv memorandumi, davlat chegarasidan olib o`tilayotgan tovarlar va transport vositalari haqida oldindan axborot almashish to`g`risida bayonnoma, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan Pokiston diplomatik xizmat akademiyasi o`rtasida anglashuv memorandumi, O`zbekiston – Pokiston ishbilarmonlar kengashini tuzish to`g`risida bitim imzolandi.
Tashrif doirasida Hukumatlararo komissiya majlisi hamda O`zbekiston – Pokiston biznes forumida 500 million dollarlikdan ziyod shartnomalar imzolangani ma`lum qilindi.






