AsosiySiyosat

O`zbekiston va Pokiston etakchilarining muzokaralari yakunlari bo`yicha OAV uchun brifing o`tkazildi

'O`zbekiston va Pokiston etakchilarining muzokaralari yakunlari bo`yicha OAV uchun brifing o`tkazildi'ning rasmi

O`zbekiston va Pokiston etakchilarining muzokaralari yakunlari bo`yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o`tkazildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning rasmiy tashrifini davlatlararo munosabatlar tarixida yangi sahifa ochadigan muhim siyosiy voqea, deb baholadi.

– Ko`p qirrali aloqalarimiz oxirgi yillarda sifat va mazmun jihatidan yuqori bosqichga ko`tarilib borayotgani bizni mamnun etadi. Hozirgina yakunlangan tor va kengaytirilgan doiradagi muzokaralar do`stlik va hamkorlikni rivojlantirish yo`lidagi intilishlarimiz qat`iy ekanini isbotladi. O`zbekiston va Pokiston hamkorligining bugungi yuqori darajasidan kelib chiqib, davlatlarimiz o`rtasida Strategik sheriklik to`g`risidagi qo`shma deklarasiyani imzoladik. Bu muhim qadam aloqalarimiz tarixida yangi davrni boshlab beradi, deb ishonch bilan ayta olamiz, – dedi Shavkat Mirziyoev.

– Bu mening O`zbekistonga birinchi tashrifim, inshoolloh, oxirgisi bo`lmaydi. Biz janob Prezident bilan juda keng qamrovli muloqot qildik. Suhbatimiz g`oyatda samimiy bo`lgani va uzoq davom etganidan uning oxiriga borib men o`zbekchani tushuna boshladim. Chunki urdu tili bilan o`zbek tili bir-biriga yaqin. Bugungi kunda Pokiston va O`zbekistonda aholining quyi qatlamlariga e`tibor qaratish, kambag`allikni qisqartirish, ta`limni rivojlantirish bo`yicha olib borilayotgan ishlar hamohang. Biz savdo-iqtisodiyot, transport, ta`lim, madaniyat, turizm sohalaridagi imkoniyatlarni atroflicha muhokama qilib, strategik kelishuvlarga erishdik, – deb ta`kidladi Imron Xon. 

O`zaro ishonch va ochiqlik, samimiy va amaliy ruhda o`tgan samarali muzokaralarda sheriklikning yangi imkoniyatlari ko`rib chiqilib, “o`sish nuqtalari” belgilangani qayd etildi. So`nggi yillarda o`zaro tovar ayirboshlash hajmi to`rt barobar o`sgani, kelgusida ushbu raqamlarni yana to`rt-besh barobarga oshirish bo`yicha kelishib olingani ta`kidlandi.

Tashrif arafasida o`tgan Hukumatlararo qo`shma komissiya yig`ilishi va biznes-forum doirasida 500 million dollardan ortiq aniq loyihalar bo`yicha kelishuvlarga erishilgan. Tranzit va savdo to`g`risidagi bitim rejalashtirilgan ulkan maqsadlarga erishishga xizmat qiladi.

Qishloq xo`jaligi, urug`chilik va chorvachilik, mashinasozlik va qurilish, farmasevtika va kimyo, engil sanoat va boshqa ustuvor sohalarda yangi qo`shma loyihalarni amalga oshirish, hududlar o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri aloqalar o`rnatishga kelishilgani ma`lum qilindi.

“Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo`li qurilishi masalasi ham atroflicha ko`rib chiqilgani qayd etildi.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olingani aytildi. Tomonlar nufuzli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida bir-birini qo`llab-quvvatlashni davom ettirishini tasdiqladilar.

Shuningdek, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik istiqbollariga to`xtalib o`tildi.

    Boshqa yangiliklar