O`zbekiston Prezidentining 2017-yil 9-martdagi "2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo`lib o`tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o`yinlariga O`zbekiston sportchilarini munosib tayyorlash to`g`risida"gi qarori ijrosini ta`minlash, mavjud sport salohiyati va imkoniyatlaridan maksimal darajada oqilona foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda Olimpiada o`yinlarida o`zbekistonlik sportchilarning yuqori sifatli tayyorgarligini va muvaffaqiyatli ishtirokini ta`minlash maqsadida Toshkent shahrida keng ko`lamli ishlar olib borilmoqda.
Turizm va sport vazirligi Axborot xizmati xabariga ko`ra, poytaxtlik sportchilar Respublika miqyosida tashkil etilgan O`zbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida faol ishtirok etib, 831 ta oltin, 724 ta kumush va 1096 ta bronza medallarini qo`lga kiritishdi.
Toshkent shahri nomidan XXXII yozgi Olimpiya hamda XVI yozgi Paralimpiya o`yinlariga yo`llanmalarni qo`lga kiritgan sportchilarni Tokioda bo`lib o`tadigan nufuzli musobaqalarda faqat g`alaba sari intilishlari hamda ulkan natijalarga erishib, O`zbekiston bayrog`ini yuqori ko`tarishlari uchun ruhlantirish maqsadida Toshkent shahar hokimining tashabbusi bilan poytaxtlik olimpiyachi va paralimpiyachi sportchilarning har biriga 100 mln. so`mdan pul mukofoti bilan rag`batlantirish to`g`risida qaror qabul qilindi.






