Andijon viloyati IIB Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, 2021 yil 6 iyul kuni soat 00:35 larda Jalaquduq tumanida yashovchi B.X o`zining «Spark» rusumli avtomashinasini Tuyalas mahallasi hududida boshqarib borayotib, yo`lning qatnov qismini velosipedda kesib o`tayotgan Namangan viloyati, Chortoq tumanida yashagan S.S.ni urib yuborgan.
Buning oqibatida S.S bosh qismidan og`ir tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan. Ammo unga kasalxonada ko`rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Jalaquduq tumani IIB huzuridagi tergov bo`linmasi tomonidan shu yilning 12 iyul kuni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu o`rinda IIBB barcha haydovchilardan yo`llarda harakatlanish paytida yanada ehtiyot bo`lishlarini va tezlikni oshirmasliklarini, piyodalardan esa o`z majburiyatlarini unutmasliklarini so`ramoqda.