Afg`oniston hukumati va Tolibon o`rtasida muzokaralar o`tkazildi. Unga ko`ra, Tolibon Afg`oniston qamoqxonalaridagi 7 ming nafar tarafdori qo`yib yuborilsa, uch oyga o`t ochishni to`xtatishini ma`lum qildi. Bu haqda tarjumon.uz The National Newsga tayanib xabar berdi.
Ushbu taklifni muzokaralarda qatnashgan Afg`oniston hukumati rasmiy vakili Nader Naderi ma`lum qildi.
“Bu – katta shart”, – dedi u.
Naderining ta`kidlashicha, Tolibon rahbari BMTning qora ro`yxatidan chiqarilishi ham talab qilinmoqda.
Toliblar Afg`oniston viloyatlariga bostirib kirib, shaharlarni, shuningdek, savdo uchun muhim bo`lgan chegara o`tish joylarini egallab olmoqda.
Mahalliy aholining so`zlariga ko`ra, Pokiston bilan chegaradagi Spin-Boldak-Chaman chegara punkti ham egallab olingan. Biroq, Kobul rasmiylari hukumat kuchlari mazkur chegara punktini nazoratga olganini aytmoqda, deya xabar bergan reuters.
Tolibon vakili Zabihulloh Mujohid Afg`oniston hukumati chegara punkti ustidan nazoratni qaytarib olgani haqidagi xabarlarni rad etgan. Uning aytishicha, toliblar chegara punktini hali ham saqlab kelmoqda.
Ayni paytda BMTning Qochqinlar bo`yicha Oliy komissari Afg`onistonda yaqinlashib kelayotgan gumanitar inqiroz haqida ogohlantirgan. Bu esa o`z navbatida qochqinlarning qo`shni mamlakatlarga ommaviy ravishda chiqib ketishiga olib kelishi mumkin.
Xabarlarga ko`ra, Qatarda Afg`oniston hukumati va Tolibon o`rtasida o`t ochishni to`xtatish uchun diplomatik harakatlar olib borilmoqda.
Ma`lumki, Afg`oniston Prezidenti Ashraf G`ani mintaqadagi rahbarlar bilan C5 + 1 Markaziy Osiyo-AQSh uchrashuvida Toshkentda uchrashdi.
Eslatib o`tamiz, Afg`onistondagi vaziyat yanada og`irlashmoqda. Shu bois, Tojikiston Afg`oniston bilan chegarani mustahkamlash uchun 20 ming askar yuborishni rejalashtirmoqda.






