2021 yilning 21 aprelida o`tkazilgan suzish bo`yicha lisenzion O`zbekiston ochiq chempionatida ishtirok etgan hindistonlik sportchi Likit Selvarash Prema turnir davomida nohaqlikka yo`l qo`yilgani, mahalliy sportchilarning vaqtlari noto`g`ri ko`rsatilgani haqidagi videomurojaatini ijtimoiy tarmoqlarda tarqat edi.
Bir necha o`zbekistonlik suzuvchilar Tokio olimpiadasidan mahrum qilindi. Bu holat bo`yicha O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi rasmiy bayonot berdi.
Aytilishicha, lisenzion O`zbekiston ochiq chempionatlariga Milliy Olimpiya qo`mitasi rahbariyati doimiy tashrif buyurib turgan, o`z navbatida, MOQ Tezkor shtab vakili Mirsardor Alimov ham musobaqani muntazam kuzatib borgan.
Musobaqadan so`ng shu erning o`zida kichik yig`ilish tashkil etib, tayyorgarlik jarayonini yanada kuchaytirish, mashg`ulotlar sifatini oshirish bo`yicha mutasaddilarga tegishli ko`rsatmalar berilgan.
Turnirlar yakunlangach, O`zbekiston suzish federasiyasi musobaqalar protokolini MOQga taqdim qilgan va unda 5 nafar atletimizning Tokio-2020 normativini bajargani ko`rsatib o`tilgan. Taqdim etilgan protokollarda belgilangan qoidalarning buzilishi, shu jumladan, keyinchalik hindistonlik suzuvchi tomonidan qayd etilgan voqea haqida ma`lum qilinmagan.
Shuningdek, biror xorijiy delegasiya tomonidan, jumladan, Hindiston jamoasi tomonidan mazkur lisenzion turnirlar bo`yicha shikoyat yoki e`tiroz kelib tushmagan.
Shu bilan birga, O`zbekiston suzish federasiyasining ma`lumotiga ko`ra, FINA ushbu turnirlarda qayd etilgan natijalarni tan olmadi. O`zbekiston suzish federasiyasi bosh kotibi Alisher G`anievning so`zlariga ko`ra, FINA bu bo`yicha Toshkentga rasmiy xat jo`natmagan. Biroq O`zbekiston suzish federasiyasi bir necha bor FINAga taqdim etilgan ma`lumotlarga aniqlik kiritish uchun xabar yo`llagan va hatto bu masala bo`yicha Sport arbitraj sudiga (CAS) murojaat qilgan.
Yakunda esa xalqaro tashkilot yo`llagan Universal Place asosida faqatgina 2 nafar o`zbekistonlik Xurshidjon Tursunov va Natalya Kritinina Tokio-2020 Olimpiya o`yinlariga yo`llanma olishdi.






