Bryussel aeroportiga terrorchilarni eltib qo`ygan haydovchi yo`lovchilari nima haqida so`zlashganini ma`lum qildi. Bu haqda “Vesti” nashri xabar bermoqda.
Qora kurtka kiyib olgan ikki erkak kishi butun yo`l bo`yi lom-mim demagan. Ochiq rangli kiyim kiyib olgan kishi ularga nimalarnidir so`zlab bergan.
“U o`z so`zini amerikaliklarga burdi. U AQShning harbiy kampaniyalaridan misollar keltirib, mamlakat hukumatiga bo`lgan nafratini bildirdi”,—deydi haydovchi.
Terrorchilarni manzilga eltib qo`ygan haydovchining ko`rsatmasiga ko`ra, polisiyachilar Bryussel aeroportidagi portlashga ulgurmagan uchinchi bombani topishga muvaffaq bo`lishdi. U shuningdek, terrorchilarni olib ketgan manzilni va uy raqamini ham aytib berdi. Tekshiruvlar jarayonida u erdan DAISh bayrog`i, portlovchi uskunalar va boshqa kimyoviy moddalar topilgan.
Eslatib o`tamiz,22 mart, seshanba kuni Belgiya poytaxti Bryussel shahri aeroportida ikki marotaba portlash yuz berdi. Keyinroq shaharning bir nechta metro bekatlarida ham portlashlar sodir bo`ldi. Keyinroq mazkur portlashlarni DAISh terrorchilik guruhi tashkil etgani ma`lum bo`ldi.





