Tokio-2020 yozgi Olimpiya o`yinlari dasturidan o`rin olgan bugungi bahslarda muxlislarimiz kutayotgan ilk g`alaba qo`lga kiritildi, deya xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi Axborot xizmati.
Ma`lum qilinishicha, “Kokugikan Arena” sport majmuasi mezbonlik qilayotgan boks musobaqalarida bugun erkaklar o`rtasida -69 kg vazn toifasidagi bahslar o`tkazildi.
Unda hamyurtimiz Bobousmon Baturov Dominikan Respublikasi vakili Emiliano Polankoga qarshi bahs olib bordi.
Qiziqarli kechgan jangda hakamlar bir ovozdan hamyurtimizning g`alabasini e`tirof etishdi – 4:0. Shu tariqa Bobousmon Baturov boks musobaqalarining 1/8 final bosqichiga yo`l oldi.
Ta`kidlash kerak, bungacha bugungi bahslarda ishtirok etgan ikki vakilamiz – dzyudochi Farangiz Xojieva hamda taekvondochi Svetlana Osipovalar ilk bosqichdayoq mag`lubiyatga uchragan edi.






