Yaponiyada o`lim jazosiga hukm qilingan ikki nafar jinoyatchi osib o`ldirildi. Bu haqda mamlakat adliya vaziri Misuxide Ivakiga asoslanib, “Lenta.ru” xabar bermoqda.
Osib o`ldirilgan jinoyatchilardan biri 75 yoshli Yasutosi Kamata. U besh nafar kishini, xususan 9 yoshli qizchani zldirganlikda ayblangan edi. Qotil qizchani maktabdan qaytayotgan paytda o`g`irlab ketgan va uyiga olib borib, bo`g`ib o`ldirgan. Uning boshqa qurbonlari 19 yoshdan 45 yoshgacha bo`lgan ayollar. U 1999 yilda o`lim jazosiga hukm qilingan edi. Ikkinchi qatl etilgan jinoyatchi esa 56 yoshli Dzyunko Yosida. U o`zining jinoiy sheriklari bilan kelishib, bir necha marta sug`urta badallarini olish uchun erlarini o`ldirgan. Yosida Yaponiya tarixida 1950 yildan beri qatl etilgan beshinchi ayol bo`ldi.
Hozirgi kunda Yaponiyada yana 124 nafar jinoyatchi o`lim jazosini kutmoqda. Mamlakatda o`lim jazosi faqat osib o`ldirish orqali amalga oshiriladi. O`lim jazosiga hukm qilingan mahbuslar qatl etiladigan sanani jazo bajarilishidan bir necha soat oldin bilishadi.





