Yaponiyaning Tokio shahrida o`tayotgan XXXII yozgi Olimpiya o`yinlari doirasida bugun ikki nafar bokschimiz ham ringga ko`tarilishi belgilangan.
Jumladan, -57 kg vazn toifasidagi vakilimiz Mirazizbek Mirzaxalilov irlandiyalik Entoni Uolkerga qarshi jang qildi. Mazkur bokschi 2019 yilgi Evropa chempionati g`olibi hamda o`sha yili Rossiyaning Ekaterinburg shahrida o`tkazilgan Jahon chempionatida 5-o`rinni egallagan.
Bahs o`ta murosasiz kechib, unda afsuski hamyurtimiz mag`lubiyatga uchradi.
Biroq, xushxabar ham bor!
Turizm va sport vazirligi Axborot xizmati xabariga ko`ra, hozirgina Tokio-2020 yozgi Olimpiya o`yinlarining dzyudo bo`yicha -90 kg vazn toifasida navbatdagi bellashuvi yakunlandi. Unda hamyurtimiz Davlat Bobonov ukrainalik Kuedju Nabaliga qarshi tatamiga tushdi.
Murosasiz kechgan bellashuvda hamyurtimizning qo`li baland keldi va u ippon bahosi bilan chorak finalga yo`l oldi. Uning keying raqibi gruziyalik Lasha Bekauri bo`ladi. Yana ikkita bellashuvda g`alaba qozonsa, Bobonov Olimpiya o`yinlari sovrindoriga aylanadi. Bu yo`lda unga omad va zafarlar tilab qolamiz.






