Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida mamlakatimiz tez tibbiy yordam tizimida o`tkazilgan an`anaviy ko`rik-tanlov g`oliblarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.
Mamlakatimizda aholiga malakali tibbiy xizmat ko`rsatilmoqda. Bu borada shoshilinch tibbiy yordam tizimi alohida o`rin tutadi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning mintaqaviy filiallari, tuman va shahar bo`limlari, ikki mingdan ziyod tez tibbiy yordam shoxobchasi va brigadalari bemorlarga o`z vaqtida yordam ko`rsatmoqda.
2015 yilda tez tibbiy yordam va sanitar-aviasiya xizmatiga tushgan barcha murojaatlar o`z vaqtida qanoatlantirilgan.
Sohada faoliyat ko`rsatayotgan malakali mutaxassislarning bilim va tajribasini boyitish, faol xodimlarni munosib rag`batlantirish maqsadida respublika ko`rik-tanlovini o`tkazish yaxshi an`anaga aylangan. Joriy yilgi tanlov ham yuqori saviyada tashkil etildi.
Ko`rik-tanlov yakuniy natijalariga ko`ra, Namangan viloyatining Norin tumani tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam stansiyasi “Eng namunali tez tibbiy yordam stansiyasi” nominasiyasi bo`yicha g`olib bo`ldi va bosh sovrin – “Damas” avtoambulansi bilan taqdirlandi.
Farg`ona viloyatining Oltiariq tumani tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam stansiyasi shifokori Shuhrat Sirojiddinov “Tez tibbiy yordam stansiyasining eng malakali shifokori”, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filiali haydovchisi Jo`raqul Xo`janazarov “Tez tibbiy yordam stansiyasining eng intizomli haydovchisi”, deb topildi.
Tanlov g`oliblariga diplom va qimmatbaho sovg`alar topshirildi.





