Iroq markazida, Bag`doddan 40 kilometr janubda, havaskor futbol o`yini vaqtida xudkush-terrorchi tomonidan sodir etilgan portlash oqibatida kamida 30 nafar kishi halok bo`ldi. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.
Portlash g`oliblarni taqdirlash marosimida sodir bo`ldi. Halok bo`lganlar orasida qishloq boshqarmasi boshlig`i va mahalliy shiitlar otryadi qo`mondoni ham borligi haqida xabar berilmoqda. 90 nafardan ziyod kishi turli tan jarohatlarini olishgan.
Mazkur teraktning sodir etilishida javobgarlikni DAISh terrorchilik guruhi o`z bo`yniga oldi. Bundan bir oy avval bo`lgan teraktni ham ushbu guruh jangarilari o`z bo`yniga olgan. O`shanda xudkush-terrorchi Bag`doddan 80 kilometr uzoqlikda, Xilla shahriga kirish yaqinida turgan benzin tashuvchi mashinani portlatib yuborgandi. Terakt oqibatida 60 nafar kishi vafot etgan va xuddi shunchasi jarohatlangan edi.
Kuzatuvchilarning fikriga ko`ra, Iroqda terrorchilik hujumlarining tez-tez sodir bo`lishi hukumat qo`shinlarining mamlakat g`arbiy va shimoliy qismlarida “Islom davlati”ga qarshi kurashlari bilan bog`liq. Shu sababli, Iroq hukumati etarlicha xavfsizlik va nazoratni ta`minlay olmayapti.





