Internet tarmog`ida erkak kishi tomonidan bir ayolga kuch ishlatilayotganligi aks etgan videotasvir tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tekshiruv o`tkazganda quyidagilar aniqlangan.
Joriy yilning 30 iyul kuni taxminan soat 11.00 larda 1986 yilda tug`ilgan Xusan F. o`zining turmush o`rtog`i 1991 yilda tug`ilgan Maftuna O. bilan birga Uchtepa tumani Cho`ponota ko`chasida ketayotgan vaqtida o`zaro gap talashib janjallashib qolishgan.
Natijada Xusan F. turmush o`rtog`i Maftuna O.ga nisbatan kuch ishlatib, sochidan tortgan. Mazkur holat yuzasidan Maftuna O. ichki ishlar organlariga murojaat qilmagan.
Uchtepa tumani IIO FMB xotin-qizlar masalalari bo`yicha inspektorlar tomonidan o`tkazilgan profilaktik suhbat jarayonida Maftuna O. turmush o`rtog`iga nisbatan hech qanday e`tirozlari yo`qligini, 2 nafar farzandi borligini va o`zaro yarashib olishganligini ma`lum qilib, himoya orderi olishdan bosh tortdi.
Xusan F. qilgan ishidan pushaymonligini, jahl ustida turmush o`rtog`iga kuch ishlatganligini va turmush o`rtog`i bilan yarashib olganligini ma`lum qilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.