Bugun, 2 avgust kuni Qirg`izistonning birinchi prezidenti Asqar Akaev Bishkekka olib kelindi va hozirda mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo`mitasi binosida ushlab turilibdi.
«Uning ishtirokida «Qumtor» oltin koni bo`yicha jinoyat ishi doirasida zarur tergov harakatlari olib borilmoqda», deyilgan Milliy xavfsizlik davlat qo`mitasi xabarida.
Ma`lumot o`rnida, Akaev bir qator yuqori martabali amaldorlar singari, «Qumtor» loyihasi doirasida korrupsiya ishi bo`yicha qidiruvga berilgan.
«Akaev, boshqa sobiq yuqori martabali amaldorlar qatorida, 1992 yil «Qumtor» loyihasi bo`yicha Bosh kelishuvni tuzishda, 1994 yil unga o`zgartirishlar kiritishda, shuningdek, 2003 yil Cameco kompaniyasi bilan tuzilgan Bosh shartnomani qayta tuzishda korrupsiya uchun javobgarlikka tortilgan», deya xabar bergan Milliy xavfsizlik davlat qo`mitasi.
Milliy xavfsizlik davlat qo`mitasi tergov Asqar Akaev prezidentligi davrida «Qumtor» loyihasini amalga oshirishda korrupsiyaga aloqador bo`lgan barcha aybdor shaxslarga huquqiy baho berganini ta`kidlagan.
Eslatib o`tamiz, Qirg`izistonning birinchi va ikkinchi prezidentlari — Asqar Akaev va Qurmanbek Bakiev mamlakatdagi eng yirik oltin koni — «Qumtor» ishi bo`yicha xalqaro qidiruvga berilgandi. Asqar Akaev shu kungacha Rossiyada yashab kelayotgandi.






