Kuni kecha Hindistonning O`zbekistondagi elchisi Manish Prabxat hamda Hindiston Madaniyat markazi direktori Chander Shekxar Kinematografiya agentligiga tashrif buyurishdi. Bu haqda Kinematografiya agentligi axborot xizmati xabar qildi.
Agentlik rahbariyati va mehmonlar ishtirokidagi uchrashuvda joriy yil o`tkazilishi rejalashtirilayotgan “Ipak yo`li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalini o`tkazish, unda hind kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan filmlar namoyishi va shu kabi masalalar haqida so`z borgan.
Shuningdek, uchrashuv davomida mamlakatimizda “Hind kino kunlari”ni o`tkazish hamda bundan keyin hamkorlikda mahorat darslari, treninglar, kinonamoyishlarini muntazam o`tkazib turishga to`xtalishgan.
Uchrashuvdan so`ng hind vakillari “O`zbekiston kino san`ati” muzeyi, undagi uzoq yillik eksponatlar bilan tanishishgan.