Eldor Shomurodov «Jenoa»ni tark etib, «Roma» safiga o`tganidan keyin sobiq klubiga minnatdorchilik bildirilgan xayrlashuv maktubini e`lon qildi.
«Bugun o`z minnatdorchigimni bildirmoqchiman. Faoliyatimning ilk kunlaridan Evropada to`p surishni orzu qilardim va menga ishonch bildirgan «Jenoa» sababli azaliy orzumga erishdim.
Bugun esa faoliyatimda navbatdagi qadamni tashlayotgan bo`lsam-da, «Jenoa» men uchun har doim sog`inch bilan eslanadigan birinchi klub bo`lib qoladi. Qolaversa, aynan «Jenoa» safidagi o`yinim vaqtida o`g`limning tug`ilgani uchun ham faoliyatimning bu davrini umrbod yoddan chiqarmayman.
Endi esa klub prezidenti, murabbiylar shtabi, barcha xodimlar va eng avvalo meni iliq kutib olgan va birinchi kundanoq yordam bergan barcha jamoadoshlarimga minnatdorchilik bildiraman.
Muxlislarning e`tibori va mehri jamoada moslashishimga, ilk gollarimni kiritishim va jamoani A Seriyada qolishiga yordam berdi. Ularning qo`llab-quvvatlashlarini har doim sezganman. Genuya esa jahonning eng chiroyli shaharlaridan biri.
Endi esa meni yangi chaqiruv kutmoqda, biroq Genuya umrbod yuragimdan joy oladi. Rahmat, «Jenoa», - deya xayrlashuv so`zlarini instagramdagi sahifasida e`lon qilgan Shomurodov.
Eslatib o`tamiz, Eldor Shomurodov 17,5 million evro evaziga «Roma» futbolchisiga aylandi. O`zbekistonlik 26 yoshli forvard bugun, 3 avgustdan rimliklarning Portugaliyadagi mavsum oldi yig`iniga qo`shilib, Joze Mourino qo`l ostida shug`ullanmoqda.






