AsosiySport

Oltin medal sohibi Akbar Jo`raevning yaqinlariga Prezident tabrigi etkazildi

'Oltin medal sohibi Akbar Jo`raevning yaqinlariga Prezident tabrigi etkazildi'ning rasmi

Toshkent viloyati Bo`stonliq tumani hokimi Jo`rabek Axmedov Turizm va sport vazirligi vakillari hamrohligida Olimpiada o`yinlari rekordini yangilab, oltin medalni qo`lga kiritgan sportchimiz Akbar Jo`raevning uyiga borib, uning onasi va yaqinlariga O`zbekiston Prezidenti tabrigini etkazdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda. 

“Eng avvalo sportchilarga yaratilayotgan sharoitlar, ularga ko`rsatilayotgan rag`bat uchun yurtboshimizga katta rahmat deymiz. O`g`limning g`alabasi shularning sportni rivojlantirish yo`lidagi birgalikdagi mehnati samarasidir”, - deydi chempionning onasi Hafiza Normetova. Uning so`zlariga ko`ra, Akbar Jo`raev akasining izidan borib, tosh ko`tarishga qiziqqan.

 

“Akbarning dadasi rahmatli bilan o`g`limizga “Albatta, bir kun kelib Olimpiya chempioni bo`lasan, O`zbekiston bayrog`ini ko`kka ko`tarasan” deya niyat qilardik. O`zi ham havas qilib, “Ruslan Nuritdinovdek Olimpiya chempioni bo`laman” deya orzu qilardi. Mana shu kunlar ham keldi, quvonchimiz cheksiz, albatta. O`g`lim g`alaba qozonishi bilan qo`ng`iroq qilib xursandchiligi bilan bo`lishdi. Tani joni sog` bo`lib, doim yurtimiz bayrog`ini doim baland ko`tarib yurishiga tilakdoshman”, - qo`shimcha qildi Hafiza Normetova.

 

Eslatib o`tamiz, kecha, 3 avgust kuni hamyurtimiz Akbar Jo`raev Tokio-2020 Olimpiya o`yinlarida O`zbekistonga ikkinchi oltin medalni keltirdi. Akbar Jo`raev 109 kilogramm vazn toifasidagi sportchilar bahsida ishtirok etdi. U dastlab - 227 kg, so`ngra 237 kg shtanga ko`tarib, umumiy 430 kg natijani qayd etdi va Tokio-2020 Olimpiya o`yinlarining oltin medaliga sazovor bo`ldi.

Ma`lumot uchun, kecha, 3 avgust kuni Prezident ishtirokida o`tayotgan selektor yig`ilishi davomida kutilmaganda davlat rahbariga Tokiodagi g`alaba haqida ma`lum qilingan edi.

    Boshqa yangiliklar