Muxlislarning sevimli loyihasiga aylanib ulgurgan “Chuv tushdi” loyihasi ijodkorlari bugun yana bir aktrisa Sitora Alimjonovani “nishon”ga oldi. Bunda aktyorlar Umid va Muhammadali Iskandarovning nima aloqasi bor deb o`ylayotgan bo`lsangiz, unda maqolani o`qing.
Aliya: — Sitora gazetamizda “Yulduzning bir kuni” nomli loyiha orqali kun davomida nima ishlar bilan band bo`lishingizni muxlislarga ko`rsatib bermoqchimiz.
Sitora taklifimizga rozi bo`lib “Majestik” gullar do`konida uchrashuv belgiladi.
Aliya do`kon sotuvchi-maslahatchisiga: — Biz rahbaringiz Lola opani ogohlantirganmiz. Do`koningizda suratga olishga ruhsat berishgan.
Sotuvchi: — Xo`p. Ammo baribir mening yordamim kerak bo`ladi!
Aliya: — Biz hech narsa xarid qilmaymiz. Shunchaki do`konda bir-ikkita kadr suratga olinadi, xolos.
Sotuvchi, aktrisaga murojat qilib: — Siz ko`zimga issiq ko`rinyapsiz. Televizorda ko`rganman shekilli, aktrisamisiz yoki ashulachi?
Sitora (sotuvchi uni tanimaganidan ranjib): — Aliya, qanday holatlarda suratga tushib beray? Tez-tez ishni bitirib ketaylik.
Sotuvchi: - Nega gapimni eshitmaganga olayapsiz? Aniq, yulduzga o`xshaysiz.
Aktrisa ahamiyat bermaslikka harakat qilib, fotograf va jurnalistning taklifidan kelib chiqib suratga tushishda davom etdi.
Sotuvchi: — Lekin rosa chiroyli qiz ekansiz. Men ham siz bilan suratga tushsam bo`ladimi?
Aliya: — Iltimos, xalaqit beravermang. Biz ishlarimizni tugatib olaylik keyin tushasiz.
Sotuvchi: — Do`konimizning bu tomonida turli haykalchalar, suvenirlar bor. Sizlarga yoqishiga ishonaman. Marhamat.
Bu taklif Sitoraga ma`qul keldi.
Sotuvchi: Sizga qanday turdagi suvenirlar yoqadi o`zi?
Sitora: Men antikvar, tarixiy buyumlarni yaxshi ko`raman.
Sotuvchi : Bizda aynan shunaqalari topiladi. Agar sizga ma`qul keladigan narsani do`konimizdan topib bersam rasmga tushishga rozi... (Shu payt sotuvchi yigitning qo`l telefoni jiringlab qoldi) — Ha, jo`ra yaxshimisan? Hozir yonimda aktrisa turibdi, faqat ismini eslolmadim. Ko`rsang, taniysan! (Sitoraga murojaat qilib) Ismingiz nima edi o`zi?
Sitora: (Sotuvchi yigitning bu qilig`idan qattiq jahli chiqib) Aliya, bu yigitga o`zingiz gapirmasangiz, hozir urushib ketishim mumkin.
Aliya: — Iltimos, menga Lola opani chaqirib bering. Sizga gapirishning foydasi yo`qqa o`xshaydi!
Sotuvchi: Opani chaqirib nima qilaman. Bu narsalar uchun men javob beraman. Aslida bu do`konga kirgan har bir xaridor albatta nimadir sotib olishi kerak. Bu bizning ichki qonunlarimizdan biri.
Tasvirchi: — Aka, ishlashimizga xalaqit beryapsiz!
Ijodiy guruh sotuvchi yigit bilan gap talasha boshlaganda do`konda shovqin ko`tariladi. Buni eshitib do`kon rahbari xonasidan chiqib keldi.
Do`kon rahbari: — Tushunmadim nima bo`lyapti bu erda?
Sotuvchi: — Lola opa, bular siz bilan gaplashishgan ekan. Do`konimizda tasvirga olishga ruxsat beribsiz...
Aliya: — Yarim soatli ishimiz bor deb siz bilan telefonda gaplashgandim...
Do`kon rahbari: — Birinchidan, siz menga do`konga kirmay, tashqarida suratga tushiramiz degandingiz. Ikkinchidan, bizning do`kon sizga bozor emas. Nega shovqin solayapsizlar? (Sotuvchi yigitga qarab) Bular kelganini aytib nega meni ogohlantirmadingiz? Axir dokonda tasvirga olish mumkin bo`lmagan joylar ham bor. Buni nazorat qilib turmasa bo`lmasligini bilmaysizmi?..
Ijodiy guruh jahli chiqqan do`kon rahbarni tinchlantirishga urinadi. U bunday shovqinga sotuvchining o`zi “aybdor”ligini tushunishni “istamaydi”.
Do`kon rahbari: — Bo`ldi yig`ishtiring! Endi bu gaplardan foyda yo`q. Marhamat qilib do`konimni bo`shatib qo`yinglar! Sizning kasringizga xaridorlarimizdan ayrilish niyatimiz yo`q.
Do`kon rahbaridan ishni yakunlab olishga biroz vaqt berishini so`rasak-da eshitishni “istamadi”.
Sotuvchi: — Ana ko`rdingizmi? Siz deb shunday bo`ldi. Endi meni ham ishdan haydashlari mumkin. Bir marta suratga tushsangiz bo`lardi-yu, shuncha gap-so`z yo`q edi.
Sitora: (do`kondan “haydalyotganiga” chidolmay turganda bu gap sabr kosasini to`ldiradi): Aliya, bo`ldi! Etar shuncha sharmandalik. Men ketdim. Avval tashkiliy ishlarni hal qilib, keyin meni chaqirmaysizlarmi?
Jahl bilan chiqib ketgan Sitora do`kon yonida bir guruh tasvirchilar bilan allanimalarni muhokama qilib turgan aktyorlar Umid va Muhammadali Iskandarovlarga ko`zi tushdi.
Umid Iskandarov: — Sitora, qalaysiz?!
Sitora: — Assalomu alaykum. Sizlar nima qilyapsizlar bu erda?
Umid: — Yangi klipning tasvirga olish ishlarini boshlaganmiz.
Muhammadali Iskandarov: — Shu gul do`konida bir sahnani suratga olishimiz kerak edi. O`zingiz nimalar qilyapsiz?
Sitora: (asabiylashayotganini bildirmaslik uchun jilmayib).— “Darakchi” gazetasining loyihasida qatnashayotgan edim
Muhammadali: — Sizni uchratganimiz yaxshi bo`ldi. Hamkasblaringizdan birini chaqirgan edik. Mana bir soatdan buyon kutyapmiz, kelmayapti. Agar rozi bo`lsangiz o`zingiz bilan kelishib olardik.
Umid: — Ha, rostdan ham! Keling, Sitora o`zingiz o`ynab bera qoling?
Sitora (kutilmagan taklifdan dovdirab) — Voy, yo`-o`q. Meni ishlarim bor. (Biroz sukut saqlab) Ha, bo`ldi bo`ldi, bildim! Aliya, rostini ayting meni aldayapsizlar- a?
Muhammadali (jiddiy): — To`g`risi, nima haqida gapirayotganingiz bilmadim-u lekin sizni aldab o`tirisha vaqtim yo`q. Shahriyorning yangi qo`shig`iga klip suratga olyapmiz. Shunga bosh rolda akam bilan partnyorlikda rol ijro etasizmi deyapman xolos. Shunchaki rolga tayinlangan aktrisa kelmayapti. Ko`rib turibsiz-ku, hamma narsa tayyor, ko`chada turibmiz... Vaqtni yo`qotib nima qilamiz, deb sizni taklif qilayapman.
Sitora: — Nega endi men boshqa birov kelmagani uchun uning o`rniga rol o`ynashim kerak? Agar meni birinchi bo`lib taklif qilganingizda boshqa gap edi. Men bu kabi kelishuvlarni tez qabul qilmayman. Taklif, ssenariy, umuman barcha masalalarni avvaldan xotirjam kelishib keyin qaror qabul qilaman.
Muhammadali: — Mayli, unda bu erdagi ishlaringizni yakunlab bizning ofisga o`ting. Gonarar, ssenariy... barchasini o`sha erda gaplashamiz. (Sitora ikkilanib qoldi) Yordamchim sizni studiyamizga olib boradi. Biz o`sha erda bo`lamiz.
Rejissyor “yordamchisi” gazetaga mo`ljallangan loyiha tugashini kutish uchun qoladi.
Aliya: — Sitora, balki rejissyorlar bilan bo`ladigan munozaralardan bir-ikki kadrni gazeta uchun ham suratga olarmiz. Rollaringizning qanday yaralishi muxlislaringiz uchun qiziq bo`lsa kerak.
Sitora: — Mayli o`zingiz bilasiz...
Barcha kinostudiya tomon yo`l oladi. Aktrisa taklifga rozi bo`lganini uning kirib kelganidan sezgan rejissyor xursand bo`ladi.
Muhammadali: — Sitora rozi bo`lganingizdan xursandmiz. (“Darakchi” gazetasi jamoasiga qarab) Sizlar ham qatnashmoqchimisiz? Yoki rasmga olasizlarmi?
Aliya: — Aktrisaning bir kuni qanday kechishishi reportajimiz orqali ko`rsatib bermoqchi edik. Shuning uchun kelganmiz.
Muhammadali: — Ammo hozir biz premera qilinmagan qo`shiqni tinglaymiz. Unga yozilgan ssenariyni o`qiymiz. Gazetadagilar hozircha bilishi mumkin bo`lmagan gaplarni eshitishingizni istamayman. Qolaversa, Sitora bilan gonorar masalasini hal qilib olishimiz kerak. Buni ommaga ma`lum qilishni nafaqat men, balki uning o`zi ham istamasa kerak. Nima dedingiz Sitora?
Sitora: — (kulib) Ishqilib meni aldamayapsizlarmi? To`g`risini aytaveringlar!
Aliya: — Sitora, agar bizning bu erga kelishimiz sizda shubha uyg`otayotgan bo`lsa mayli biz ketamiz.
Ijodiy jamoa xayrlashib studiyani tark etadi.
Umid (jahli chiqib): — Tavba nimalar bo`lyapti? Sitora siz ham g`alati bo`lib qolibsiz, aldayapsizlar- aldayapsizlar deyaverasiz. Tushunmadim, axir yosh bola emasmiz-ku, aldab o`yin o`ynaydigan. To`g`risi, meni ham ukam yaxshi rol bor, , aktrisa ham tayyor deb ishimdan qoldirib chaqirib oldi. Kelsam, aktrisa yo`q. Ustiga ustak siz hadeb bu hazilmi deyaverasiz. Muhammadali, bunday chala ishlar bo`lsa meni chaqirma demaganmidim?
Sitora: — Umid aka, jahlingiz chiqmasin, “Darakchi” gazetasi muxbiri fotoreportaj tayyorlaymiz deb meni chaqirdi. Ammo tasvirga olish paytida shilqim sotuvchi bilan jahldor do`kon mudiri rosa asabimni buzishdi...
Umid: — Shaxsan mening bunday aldovchi o`yinlarga vaqtim yo`q. Zarur ishlarimni tashlab shu erda o`tiribman.
Uzoq munozaralardan so`ng klipmeyker va aktyorlar kelishib olishdi. Ishni xonanda Shahriyorning klip suratga olish kerak bo`lgan yangi qo`shig`ini tinglashdan boshlashdi.
Muhammadali: — Mana eshitib turganingizdek qo`shiq sevgi va ayriliq haqida. Biz uning bir qismini hozir suratga olamiz. Siz turmush o`rtog`i haqida turli gap-so`zlarni eshitib, shu sabab undan shubhalanib, ogohlantirmay ishxonasiga kirib kelgan sahnani o`ynab berishingiz kerak. Ertaga esa ko`chada suratga tushriladigan sahnalar ham bor. Agar hozir rozi bo`lsangiz ishni boshlayvermiz.
Sitora: — Hozirmi? Bo`lmaydi! Birinchidan libos masalasi, ikkinchidan...
(Muhammadali Sitorani gapini bo`lib) — Ha aytgancha, gonorar masalasini gaplashib olmapmiz-ku! Mana bu narx sizga ma`qulmi? (qog`ozga raqamlarni yozib, aktrisaga uzatadi)
Sitora: (o`ylanib) — Nega kam?
Muhammadali: — Chunki Shahriyor yoz oylarida yakkaxon konsertini taqdim etishga tayyorgarlik ko`rayapti. Uning iltimosiga ko`ra kamxarj klip surtaga olishimiz kerak. Istasangiz, uning prodyuseri ham shu erda. O`zingiz yuzma-yuz gaplashib olasiz.
Aktrisaning ikkilanayotgani sezgandan so`ng Muhammali boshqa xonada o`tirgan “prodyuser”ini ichkariga taklif etdi. Yarim soatli bahs-munozaradan so`ng Sitora belgilangan narxga rozi bo`lib ishni boshlashga qaror qildi. Klipmeyker katta ishtiyoq bilan ishga kirishti. Rekvezitlar, aktyorlarning vazifasi barchasi yana bir boshdan tushuntirib o`tildi. “Motor ishni boshlaymiz” buyrug`idan so`ng esa Sitora:
To`xtang! Nega chiroqlar yo`q. Bunday yorug`lik kam xonada klip suratga olinmasdi-yu... Yana meni ahmoq qilayotgan bo`lmanglar.
Muhammadali: — Tushunmadim, Sitora hozirgina hamma narsani kelishib, prodyuser bilan ham shaxsan o`zingiz gaplashdingiz-ku.
Sitora: — Ha-ya, mayli boshlay qolaylik...
U bir zum sukut saqlab, holatga kirib oldi-da, ish boshladi.
— Ahmad Qodirovich o`zlaridami?
— Assalomualaykum. Men ularning yordamchilariman. Xo`jayin hech kim kirmasin degan edilar. Uzr, yonlariga kirishga ruxsat berolmayman.
Muhammadali: — Stop! Sitora biroz yurakdan ijro eting. Tasavvur qiling siz turmush o`rtog`ingizdan shubhalanib uning ishxonasiga vajohat bilan keldingiz. O`zingizni aldangandek his etib kelganingizni ko`rsatib bera olmayapsiz.
Sitora e`tirozlarni tinglagach yana o`sha dialogni boshladi. Ammo Muhammadali aktrisaning ijrosidan qoniqmadi.
Muhammadali: — Siz negadir holatga kira olmayapsiz. Jahl, alamni nigohlar bilan ko`rsatib bering!
Sitora yana bir necha urunishdan so`ng birinchi sahnani tugatdi.
Muhammadali: — Bu sahna unchalik ko`nglimdagidek chiqmadi. Mayli, ikkinchi sahnani boshlay qolaylik. Turmush o`rtog`ingizning yordamchisi sizga ming qarshilik qilmasin baribir xona eshigini ochasiz, ammo u erda siz o`ylagan sahna emas, turmush o`rtog`ingiz tushlik vaqtidan foydalanib qahfa ichayotganini ko`rasiz. Bu erda siz faqat nigoh, qarash, yuz ifodalari bilan ishlab berishingiz kerak.
Sitora: — Xo`p, sizni tushundim.
Aktrisa rejissyorning har bir gapini yaxshi anglab ishga kirishdi. Ammo har doimgidek Muhammadalining “ko`ngli to`lmadi”.
Muhammadali: — Sitora sizning ijrongizni ko`rib, xuddi kimdir xafa qilganidan shikoyat qilib otasining yoniga kelgan qizni ko`ryapman. Siz hali ham holatda emassiz. Bo`ldi, bugun bo`lgan voqeani asabbuzarlikni unuting! Sizda xiyonat alamini ko`rishni istayman. Klip voqealaridagi vaziyatga oddiy qarayotgandeksiz. O`zingizni qo`lga oling. Axir kinolarda rollar ijro etgansizku, marhamat. Boshladik. Motor!
Sitora biroz tanaffus so`radi.
Ikkinchi rejissyor: — Sitora Muhammadali akaning jahli chiqyapti. Yaxshilab ijro etib bermasangiz bo`lmaydi.
Sitora: — Men aytganlarini bajarayapman-ku, ammo ular nima istayotganlarini tushunish qiyin.
Sitora va ikkinchi rejissyor biroz suhbatlashib yana tasvirga olish joyiga qaytishdi.
Muhammadali: — Sitora bu sahnada alamdan yig`lab yuborishingiz ham mumkin. Siz so`zlarsiz yuz ifodasida, ko`z yoshda aldanayotgan ayol holatni ko`rsatib bersangiz bo`ldi.
Tanbeh eshitaverib, yig`lagudek ahvolga kelgan Sitora “bu rolni eplay olmayman shekilli” deb turganda “ikkinchi rejissyor” uni fikridan qaytaradi. U bor mahoratini ishga solib rolga kirgan mahali xona eshigi ochilib “Darakchi hazili” degan yozuv bilan ijodiy gurug` paydo bo`ladi.
Sitora: — Nima?! Hazil! Aytim-a!? Aldayapsizlar dedim. Yo`q, baribir meni aldolmadingiz. Men ishonmadim!
Rolni berilib ijro etgan bo`lsa-da, ishonganini tan olgisi kelmayotgan aktrisani qo`llab-quvvatlash uchun barcha qarsak chalib yubordi.
Sitora: — Meni hech aldolmaysizlar deb o`ylagandim. Chuchvarani xom sanabman! Nahotki sizlar ham bularga shekri bo`lsanglar Umid aka? Bo`ldi, sizlardan xafa bo`ldim!
Aktrisaning bolalarcha arazlashi, haqiqatdan ham chuv tushganini tan olgisi kelmay, chuvillashi ijodiy guruhning kayfiyatini ko`tardi. Loyihamiz havo o`zgarib qolgani uchun biroz o`zgargan bo`lsada, improvizasiyalar ham yangi qo`shilgan qahramonlar ham rolga tezda kirishib ketgani sabab juda chiroyli kechdi.
Xulosa o`rnida
Sitora Alimjonova: — To`g`risi, do`kondagi holatlarga, ayniqsa sotuvchi yigit va rahbar ayol ham gazeta xodimlari ekanini bilganimdan so`ng hayron qoldim. Qoyil! Ayniqsa ko`p gapiradigan sotuvchi yigitga besh ketdim. Haqiqatdan ham asabimni buzdi. Jurnalistlar xuddi rejissyor kabi puxta reja tuzishgani sabab harqanday profesional aktyor ham “Darakchi”ga “chuv tushishi” mumkinligiga ishondim.
Muhammadali Iskandarov: — Bugungi ijrosini ko`rib, Sitorani tez kunda yangi klipga chaqirib qolsak ajabmas. “Chuv tushdi” loyihasida “Darakchi” bilan hamkorlikda ishtirok etish bizni faqat ilhomlantirdi.
Umid Iskandarov: — Avvaliga bo`layotgan ishlarga ishonchsizlik bilan qaragan bo`lsa-da, u rejissyor aytgan vazifani a`lo darajada bajarib berdi.
Ijodiy guruh: Aliya Sulaymonova, Hilola Tosheva, Umid Normurotov.
Rollarda: Sotuvchi-Abdulaziz Rustamov, do`kon mudiri-Lola Shoyimova, ikkinchi rejissyor-Sadoqat Allaberganova.